Harbiylar o‘rtasida “Kitobsevar harbiylarmiz” mavzuida viktorina o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi kursantlari bilan hamkorlikda “Ajdodlar jasorati – ibrat maktabi” shiori ostida “Kitobsevar harbiylarmiz” mavzuidagi viktorina bo‘lib o‘tdi.
Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti, DXX, IIV, FVV akademiyasi, Davlat bojxona institutining kursantlaridan tarkib topgan harbiy oliy ta’lim muassasalari jamoalari, professor-o‘qituvchilar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etgan tadbirda “Jadidchilik harakati” namoyandalari Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriylarning hayotidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.


So‘ngra viktorina shartlari bo‘yicha chiqishlar qilindi. Viktorinada jamoalar “Tanishtiruv”, “Ifodali o‘qish”, “Lavha” shartlari bo‘yicha bellashdilar. Shartlarning oralig‘ida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi va Qurolli Kuchlar akademiyalari kursantlari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Viktorina Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Qurolli Kuchlar akademiyasi Tillar kafedrasi vakillaridan tashkil topgan hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.


Qiziqarli o‘tgan viktorinada FVV akademiyasining “Qutqaruvchilar” jamoasi faxrli birinchi o‘ringa munosib deb topildi. Ikkinchi o‘rin esa mezbon Qurolli Kuchlar akademiyasining “Munosib avlodlar” jamoasiga nasib etdi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan g‘olib jamoalarga diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA