Harbiylar o‘rtasida “Ajdodlar izidan” intellektual o‘yini o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi "Zakovat" arenasida O‘zbekiston FVV Akademiyasi va Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy kengashi tashabbusi bilan yosh harbiy xizmatchilar va xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida “Ajdodlar izidan” intellektual o‘yinining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimida faoliyat yuritayotgan yosh harbiy xizmatchi va xodimlarni milliy va jahon adabiyotiga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, ularning bilim va tafakkurini sinovdan o‘tkazish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda harbiylar o‘zlarining kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlari va kitobxonlik madaniyatini namoyish etish imkoniga ega bo‘lishdi.


Savol-javoblar adabiyot, tarix, ma’naviyat va umumiy bilimlarga oid bo‘lib, ishtirokchilarning zehni, tezkor fikrlashi va bilim doirasini namoyon etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalar o‘rtasida 1-o‘rin - Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining “Temuriylar” jamoasiga, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalar o‘rtasida 1-o‘rin - Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasining “Xaloskorlar” jamoasiga, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalar o‘rtasida 1-o‘rin - Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining “Yuristlar” jamoasiga hamda Milliy gvardiya tizimidagi harbiy qism va muassasalar o‘rtasida 1-o‘rin - Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasining “Sherlar” jamoasiga nasib qildi.


Shuningdek, Bojxona qo‘mitasi tizimidagi muassasalar o‘rtasida 1-o‘rin - Bojxona institutining “Bojxona instituti” jamoasiga nasib etdi.
Umumjamoalar hisobida 1-o‘rin - Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining “Yuristlar” jamoasiga, 2-o‘rin - Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining “Temuriylar” jamoasiga hamda 3-o‘rin - Bojxona institutining “Bojxona instituti” jamoasiga berildi.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA