Harbiylar faoliyati muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Harbiy xizmatchilarning kasbiy-amaliy tayyorgarligi metodikasini takomillashtirish usullari: muammo va yechimlar” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Harbiy xizmatchilarning kasbiy-amaliy tayyorgarligi bo‘yicha uchraydigan muammolarni tahlil qilish hamda ularning yechimi to‘g‘risida asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Jamoat xavfsizligi universiteti, IIV akademiyasi, Maxsus vazifalar bo‘yicha respublika qutqaruv markazi mas’ullari, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchilar hamda kursantlar ishtirok etdi.


Anjumanni akademiya boshlig‘i, general-mayor Ravshan Haydarov ochib, yurtimiz tinchligini, osoyishta hayotimizni asrab-avaylashda Vatan himoyachilaridan, ya’ni ushbu sharafli kasb egalaridan professionallik bilan birga, yuksak jismoniy sifatlar ham talab etilishi ta’kidlandi.

Bu borada Akademiyada ham harbiy xizmatchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilib, moddiy texnik baza mustahkamlanmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, harbiy xizmatchilar xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan sport musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
Anjumanda ana shular haqida so‘z yuritilib, sohada mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ilmiy muhokama etish, hal etish yo‘llari bo‘yicha asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Yakunda Akademiya tomonidan tashrif buyurgan mehmonlarga hamda faol ishtirokchilarga tashakkurnoma, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA