Harbiy xizmatga puxta tayyorgarlik bilan
Mamlakatimizda yosh avlodni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, yuksak salohiyatli etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan amalga oshiilayotgan ishlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda viloyat mudofaa ishlari, xalq ta’limi, kasbiy ta’limni rivojlantirish, turizm va sport boshqarmalari, “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi bo‘limlari, mahalla oqsoqollari hamda profilaktika nozirlari bilan birgalikda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yaxshi samara bermoqda, – deydi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev. – Ayni paytda viloyatda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga malakali kasb o‘rgatish maqsadida tasarrufimizda texnik va amaliy sport turlari markazi, shahar va tuman kengashlari qoshida 13 ta o‘quv sport-texnika klubi faoliyat ko‘rsatmoqda. Tizimdagi muassasalar qoshidagi 26 ta boshlang‘ich tashkilotlarda 20 mingga yaqin a’zolar jamlangan. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida harbiy-vatanparvarlik targ‘iboti va ommaviy-tashkiliy ishlar yo‘nalishi yuzasidan 741 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 100 mingdan ziyod aholi, shu jumladan 83 mingdan ortiq voyaga yetmagan yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2021 yil 22 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoyishiga ko‘ra, harbiy vatanparvarlik oyligi o‘tkazilmoqda. Oylik doirasida bir qator amaliy tadbirlar, turli sport musobaqalari tashkil etilayotir. Maktab va texnikum o‘quvchilari, oliygohlar talabalari, mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida jonini fido qilgan ichki ishlar xodimlari va harbiylarning farzandlari ishtirokida “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!”, “Uch avlod” uchrashuvlari, “Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi” shiori ostida “Vatanparvarlik avtoyurishi”, “Biz vatanparvarlarmiz!” kabi ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari shular jumlasidandir.
Norin tumani o‘quv sport texnika klubida o‘tkazilgan ochiq eshiklar kuni tadbirida “Vatanparvar” tashkilotining faoliyati, maqsad-vazifalari haqida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar pnevmatik o‘q otish majmuasidagi o‘quv xonalari, o‘q otish tiri, avtosport, baggi, karting, motosport, yozgi biatlon kabi sport seksiyalari bilan tanishtirildi.
Chortoq va Chust tumanlaridagi o‘quv sport texnika klubida imtiyozli asosda o‘qiyotgan, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan o‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida Vatanga xizmat har bir yigitning, o‘sib kelayotgan o‘g‘lonlarning burchi ekani alohida ta’kidlandi. Yoshlar chaqiriqqacha tayyorlash borasida O‘STKda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Uychi va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridagi o‘quv sport texnika klubi tomonidan tashkilotdagi o‘q otish majuasida tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “pnevmatik miltiqdan o‘q otish” bo‘yicha tuman birinchiligi musobaqasi o‘tkazildi. Unda 200 dan ziyod havaskor sportchilar merganlik bobida kuch sinashdi.
Chortoq, Kosonsoy va Norin tumanlarida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “O‘zbekiston yoshlar forumi” o‘tkazildi. “Beshta muhim tashabbus mahallalarda” shiori ostidagi yoshlar festevalida pnevmatik qurollar, karting va mototsikl sport texnikalari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Shuningdek, tuman O‘STKda imtiyozli asosda o‘qiyotgan, “Yoshlar daftari”dagi 15 nafar o‘quvchiga haydovchilik guvohnomasi topshirildi.
[gallery-5425]
Uchqo‘rg‘on tumanidagi o‘quv sport texnika klubida barpo etilgan karting majmuasi yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. Mazkur majmuada bo‘lib o‘tgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli 46-maxsus maktab internatining 23 nafar imkoniyati cheklangan o‘quvchisi “Vatanparvar” tashkilotining haydovchilik kurslariga qabul qilindi. Tashkilotimizdagi sportning texnik-amaliy turlarini nafaqat ta’lim muassalarida, balki mahallalarda uyushmagan yoshlar orasida ham keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Namangan shahrining Dashtbog‘ mahallasida beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida o‘tkazilgan festevalda aviamodel, raketamodel sport jihozlari, pnevmatik qurollar, karting va mototsikl sport texnikalari namoyish etildi.
Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi va uning tasarrufidagi tashkilotlarda “Vatanimga tayanchman” mavzusida vatanparvarlik soatlari o‘tkazilishi belgilangan. Xususan, Namangan shahrida, yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan pnevmatik quroldan to‘rt bosqichdan iborat o‘q otish bo‘yicha viloyat hokimi kubogi uchun viloyat birinchiligiga start berildi. Mazkur bellashuvlarning barcha jarayonlarida ikki yuzga yaqin sportchi-yoshlarni qamrab olish rejalashtirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv sport-texnika klublarida tarbiyalanayotgan yigitlarning jismoniy va ma’naviy barkamolligiga havas qilsa arziydi. Ularning harbiy xizmatga amaliy-texnik ko‘nikmalarni egallab borayotgani yigitlik burchini namunali o‘tashida muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA