Harbiy-vatanparvarlik festivali
Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida o‘tkazilgan «Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» shiori ostidagi harbiy-vatanparvarlik festivali 8000 dan ortiq aholi va yoshlarni bir joyga jamladi.
Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlaridan kelgan avtobuslar karvonidan birin-ketin tushayotgan bu yigit-qizlarning aksari "Forish" tog‘ poligoniga ilk bor kelishi edi.
Tashabbuskorlari Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va Jizzax viloyati hokimligi bo‘lgan ushbu keng masshtabli tadbirga Jizzax garnizoni, viloyat mudofaa ishlari, xalq ta’limi, ichki ishlar, milliy gvardiya, chegara qo‘shinlar, FVV, madaniyat hamda jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi ham bosh qo‘shdi.

Vatanparvarlik festivalining tantanali ochilish marosimida so‘z olganlar butun yurtimiz bo‘ylab ushbu shior ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarning mazmun-mohiyati hamda harbiy xizmat – muqaddas burch, yuksak sharaf ekanini ta’kidlab, yoshlarni Vatan himoyasiga ruhlantiruvchi iliq fikrlar bildirdi.
Viloyat musiqali drama teatri jamoasi hamda harbiylar tomonidan Jaloliddin Manguberdining Chingizxon ustidan qilgan g‘alabasi haqidagi jonli sahna ko‘rinishi yoshlar qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishladi.
Jizzax hamda Samarqand garnizoni harbiy orkestrlarining badiiy-musiqiy chiqishlarida shonli o‘tmishimizni bugunga bog‘ladi, go‘yo.

Jangovar texnika va qurol-aslahalar, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘rgazmasi ham o‘quvchi-yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Dala o‘quv maydonida Vatan himoyachilarining turli jangovar qurollardan foydalanib, nishonlarga qarata aniq va tez o‘t ochishlari festival ishtirokchilari qalbini g‘urur va iftixorga to‘ldirdi.
Shu kuni harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, o‘quvchilar, yoshlardan iborat mehmonlar xalq o‘yinlari bo‘yicha bellashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususan, milliy kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, kamondan o‘q otish, qo‘l jangi, bilak kuchini sinash musobaqalari chinakam raqobat bahsiga aylanib ketdi. Chavandozlar esa uloq ko‘pkari, ot choptirish o‘yinlarida sovrin uchun kurashdi.

Festivalda tashkil etilgan milliy hunarmandchilik paviloni hamda dorboz o‘yinlarining sahna maydonlari ham san’atsevar yoshlarni o‘z bag‘riga chorladi.
Mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining harbiy-sport texnikalari, samo uzra parvoz qilgan samolyotlar, kinologiya va otliq kavaleriya qo‘shinlari chiqishlari festival ishtirokchilarining tasavvurini boyitdi.
Festivalning yana bir qismi tog‘ yon bag‘irlarida ovchilar va harbiylar o‘rtasidagi musobaqa bilan davom etdi.

Unda ovchilar va harbiylar uzoq masofadagi harakatsiz va harakatdagi nishonlarga ov qurollaridan o‘t ochish bo‘yicha bahslashdi.
Turli sport federatsiyalarining musobaqalari, milliy cholg‘u asboblari ijrosi, «Vatan haqidagi eng yaxshi she’r» tanlovi festivalga yakun yasadi.
Yakunda esa g‘oliblar sovg‘ali bo‘ldi. Umuman olganda, “Forish” poligoni festivalida ishtirokning o‘zi hech bir sovg‘adan kam bo‘lmadi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati.
O‘zA