Harbiy ta’lim muassasalari targ‘iboti
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi ma’sul ofitserlari Surxondaryo viloyatidagi mahallalar yoshlari hamda maktab o‘quvchilari uchun Mudofaa vazirligi qoshidagi oliy harbiy bilim yurtlari va “Temurbeklar” harbiy-akademik litseyini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etmoqda.
“Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ana shunday tadbirlardan biri Angor tumanining Gulzor mahallasidagi 5-maktabda bo‘lib o‘tdi.





Mahallada yashaydigan vaqtincha ishsiz uyushmagan yoshlar va maktab o‘quvchilari ishtirok etgan uchrashuvda Mudofaa vazirligining oliy harbiy bilim yurtlari va “Temurbeklar” maktablari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartiblari, harbiy-professional yo‘nalish, dastlabki saralab olish va test sinovlari, saralab olish jarayonida nomzodlarga beriladigan imtiyozlar, “Temurbeklar” maktablari bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi imtiyozlari to‘g‘risida fikr almashildi. Tarqatma materiallar topshirildi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Mazkur tadbir viloyatdagi olis va chekka hududlardagi mahalla va maktablarda ham o‘tkaziladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri