Har ishning bir ustasi bor, har ustaning bir ustozi...
Dono xalqimiz orasida mazkur maqol bejizga tez-tez tilga olinmaydi. Darhaqiqat, dunyo yaralibdi-ki, azaldan odamzod bir-biriga ustoz va shogird bo‘lib kelmoqda.
Dono xalqimiz orasida mazkur maqol bejizga tez-tez tilga olinmaydi. Darhaqiqat, dunyo yaralibdi-ki, azaldan odamzod bir-biriga ustoz va shogird bo‘lib kelmoqda.
Inson uchun hayoti davomida odob-axloq va kasb-hunar o‘rgatadigan, yo‘l- yo‘riq ko‘rsatadigan ustozning borligi juda ham muhim.
Nodira Mirxo‘jaeva ham ustozlardan saboq olib, o‘zi ham shu kasbda mana yigirma besh yildirki, yoshlarga rus tili va adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgatib kelmoqda.
U ayni vaqtda Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika, astronomiya, fizika, informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabini boshqarmoqda. Albatta, u bunga qadar o‘n besh yildan ortiq shu dargohda direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan edi.
Mazkur ta’lim dargohida 105 nafar o‘qituvchi 2156 nafar o‘quvchiga saboq bermoqda. Binoga kirishingiz bilan atrofdagi tozalikdan ko‘z quvnaydi. Kirish eshigi ro‘parasida bolalarning chizgan rasmlari va mehnat darsida bajargan ishlari stendi joylashtirilgan. U har hafta yangilab borilar ekan.
N.Mirxo‘jaeva har kuni ishni bolalarni kutib olishdan boshlar ekanlar. So‘ngra besh nafar o‘rinbosar bilan kunlik rejalar va kunlik vazifalar bo‘lib olingach, hamma o‘z ishiga kirishadi. Ayni kunlarda“1 oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni” hamda “Mehrjon” bayramiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
USTOZ UMMONGA O‘XShAYDI...
Ota-ona farzandni dunyoga keltirib, parvarishlab, voyaga yetkazsa, ustoz hayot ilmini, hunarni o‘rgatadi.
Bu maktabda uzoq yillar mehnat qilgan murabbiylar juda ko‘p. Nodira Mirxo‘jaeva ustozlar bayrami yaqinlashib kelayotgani bois bugungi kun tartibiga ularni tabriklashni qo‘shib qo‘ygan edi.
Ana shunday tajribali ustozlardan biri – fizika fani o‘qituvchisi Yelena Shegova. U 1991 yildan buyon shu maktabda 8, 9, 10, 11- sinf o‘quvchilariga saboq bermoqda.
O‘zbek tili o‘qituvchisi Nigora Maqsudova ham o‘quvchilarga uzoq yillardan buyon dars bermoqda. Ayni vaqtda tajribali ustozning shogirdlari – Muxlisaxon, Jamilaxon ham bolalarga ta’lim berib, ustozi bilan bir jamoada faoliyat yuritmoqda.
Ustoz quyoshga o‘xshaydi, shogird esa, daraxt kabi uning beminnat nuridan bahramand bo‘lib ulg‘ayadi va meva beradi. Joriy yilda maktab bitiruvchilarining 80 foizdan ko‘prog‘i oliy ta’lim dargohlarining talabasi bo‘lgani ham bu fikrning isbotidir.
Misol uchun, 11 “g” sinfdagi 37 nafar o‘quvchidan 30 nafari, “a” sinfdagi 29 nafar o‘quvchidan 28 nafari oliygohda tahsil olmoqda.
TALABChANLIK VA ShIJOAT
– Direktorimiz ish boshlaganiga hali bir yil bo‘lmadi, – deydi O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sanobar Xudoyberganova. – Shu qisqa fursatda bir qator yutuqlarga erishdik. Nodiraxon talabchan, qattiqo‘l va shijoatli. Albatta, o‘quvchilar soni ko‘p. Ularning har biri bilan ishlash, fe’lini o‘rganish, “tilini topish” kerak. O‘quvchilarni intizomi, tartibi va bilimini ham nazorat qilish muhim. Bularni hammasi ta’lim dargohini rahbariga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Ushbu maktabda yana bir tajriba yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. O‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida inspektor ishga taklif qilingan. Ya’ni ichki ishlar vazirligining xodimi maktabga biriktirilgan bo‘lib, u bolalarning tartib saqlashini kuzatib boradi.
BU INSONLAR HAR QANChA E’ZOZGA LOYIQ
– Uzoq yillar o‘qituvchilar e’tibordan chetda qolib ketdi, – deydi N. Mirxo‘jaeva. – Hozirda yaratilgan imtiyozlardan qadrimiz va qaddimiz tog‘ qadar yuksaldi. Xabaringiz bor, o‘qituvchilar hududlarni obodonlashtirish va boshqa turdagi ishlarga jalb etishning taqiqlangani katta yangilik bo‘ldi. Endi pedagoglar kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarga ham jalb qilinmaydi. O‘qituvchidan dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish, sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar hamda qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilishga chek qo‘yilgani muallimlarni zimmasidagi ortiqcha yukdan xalos qildi.
Bundan tashqari, fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining bir necha baravari miqdorda pul mukofoti berilmoqda. Pedagog xodimlarga qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan arzon uy-joylar, avtokredit va iste’mol kreditlari imtiyozli ravishda berilmoqda. Ota-onalar endilikda bizga yaqin ko‘makchi bo‘lmoqda.
Ha, bizga saboq bergan, hayot so‘qmoqlaridan odimlab borishimizda ustozlik qilgan insonlarga har qancha imkoniyat va imtiyozlar berilsa yarashadi. Zero, ilk bora maktabga borgan kunimiz, ustozimizning qo‘llarimizga qalam, daftar va kitob tutqazib, mehr bilan harf o‘rgatgani hech qachon esimizdan chiqmaydi. Bu tuyg‘u hech kimga begona ham emas.
Bayramingiz muborak bo‘lsin aziz ustoz va murabbiylar.