Har bir saylovchi bir ovozga ega
O‘zbekistonda muddatidan oldin o‘tkazilayotgan Prezident saylovi boshlandi.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 362-saylov uchastkasida saylov jarayoni ochilishi O‘zbekiston davlat madhiyasi sadolari ostida, barcha uchastka saylov komissiyasi a’zolari, siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazildi.

Mazkur saylov uchastkasida saylovni o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Tibbiyot xonasi, zarurat bo‘lganda hordiq chiqarish uchun xonalar mavjud. Ob-havoning issiqligi hisobga olinib, toza ichimlik suvi tayyorlab qo‘yilgan.
–Hududimizdan 933 saylovchi ro‘yxatga olingan, – deydi 362-saylov uchastkasi raisi Bahodir Mirfayozov. – Saylovga tayyorgarlik belgilangan qoidalar asosida o‘tkazildi, saylovchilarga o‘z huquqlari tushuntirildi. Ovoz berishda har bir kishi bir ovozga ega ekani, saylov ixtiyoriylik asosida erkin o‘tkazilishidan saylovchilarimiz xabardor. Uchastkamizda 27 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi.
Saylov uchastkasida saylov jarayoni ochilish marosidan keyin saylov qutilari plombalandi va saylovchilar ovoz berishni boshladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA