Har bir oila, har bir shaxs davlat eʼtiborida
Bugun butun dunyo jamiyati katta sinovdan oʻtish jarayonida.
Bugun butun dunyo jamiyati katta sinovdan oʻtish jarayonida. 2019-yilning oxirida Xitoyning Uxan shahrida paydo boʻlgan va Covid-19 nomi berilgan kasallikni keltirib chiqargan koronavirus deyarli barcha qitʼalarga va 190 dan ortiq mamlakatga tarqaldi. Ming afsuski, 15-mart kuni yurtimizga Fransiyadan qaytgan bir nafar fuqaromizda ham virus tasdiqlangani eʼlon qilindi. Demak, bugun dunyoda vujudga kelgan ushbu ofat dunyo davlatlari singari bizning vatanimizni ham chetda qoldirmadi.
Muhtaram Prezidentimizning topshiriqlari bilan Respublika maxsus komissiyasi tuzilib, Respublikamizda koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida kerakli choralar koʻrish boʻyicha tizimli ishlar olib borildi.
Birinchi navbatda, barcha taʼlim yoʻnalishlarda dars jarayonlari toʻxtatilib, vaqtinchalik taʼtil berildi. Boshqa viloyatlardan kelib Toshkent shahrida tahsil olayotgan oʻquvchi-talabalar avtobus, poyezd va samolyotlarda doimiy yashash manzillariga qaytishlari uchun 50 foizli chegirma asosida chiptalar sotildi.
Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xorijiy davlatlarning fuqarolariga ham oʻz yurtlariga yetib olishlari uchun imkoniyat berildi. Turli sabablar bilan Talabalar turar joylarida hozirda yashayotgan chin yetim va chet el fuqarolari boʻlgan yoshlarga masʼuliyatli vakillar biriktirilib, kerakli oziq ovqat mahsulotlari, gigiyena hamda zarur boʻladigan dastlabki dori-darmon vositalari bilan bepul taʼminlandi. Boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazib madaniy hordiq chiqarishlari uchun, joylarda kutubxona va fitnis xonalari, televizor va internet muntazam ishlab turibdi.
Koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida respublika miqyosida karantin choralari qoʻllanilganidan soʻng, yoshlarimizning bilim olishlarida uzilishlar boʻlmasligi uchun taʼlim sohasida yana bir imkoniyat yaratildi.
30-martdan boshlab televideniye va internet kanallarimiz orqali maktab oʻquvchilari uchun masofaviy onlayn darslar boshlandi. Barcha oliy taʼlim muassasalarida talabalar uchun maxsus masofaviy taʼlim elektron platformalari joriy qilindi, bu platformalar yordamida talabalar uylarida turib kerakli fanlardan elektron va video darsliklar orqali taʼlim olib kelmoqdalar.
Muhtaram Prezidentimizning koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishlarida aytgan fikrlari barcha yurtdoshlarimizni butun dunyoda, jumladan, Oʻzbekistonimizda kechayotgan pandemiyaga qarshi kurashda masʼul, intizomli va hamjihat boʻlishga undadi.
Oʻz oʻrnida maxsus fond tashkil etilib, ushbu kasallikka qarshi kurashish uchun sarflanmoqda. Qisqa fursatlarda kasalxonalar qurilib topshirilishi, ekspress tashxis jihozlarining xorijdan keltirilishi, taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini masofaviy rejimga oʻtkazilishi, karantin talablarini kuchaytirish boʻyicha qonunchilikdagi oʻzgarishlar boʻyicha Prezident qarorlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi tahsinga sazovordir. Afsuski, ayrim rivojlangan mamlakatlarda ushbu tezkor chora-tadbirlar oʻz vaqtida taʼminlanmaganligi natijasining salbiy oqibatlarini kuzatyapmiz.
3-aprel kuni “Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari” boʻyicha navbatdagi videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Yigʻilishda bugungi kunda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingani, turli sabablar bilan xorijda boʻlgan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, karantinda ekanliklari, hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazib berilganligi, Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga moʻljallangan karantin zonasi barpo etilayotganligi, dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirilganligi va albatta bunday ishlar hali davom etishi aytib oʻtildi.
Yurtboshimiz maʼruzalarida qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, joylarda karantin qoidalari buzilayotgani, hozirgacha 22 mingdan ziyod ana shunday holat aniqlanganligi, 330 kishi karantin hududini tashlab ketganliklari, karantin vaqtida ayrim masʼuliyatsiz shaxslar 24 ta turli ommaviy marosimlar oʻtkazib jamiyatimizga xavf tugʻdirganliklarini bois, bunday nomaʼqul ishlarga nisbatan keskin choralar koʻrilganligini afsus bilan aytib, ogohlikka chorladilar.
Prezidentimiz oʻz murojaatlarida talaba va oʻquvchi-yoshlarga ham toʻxtaldi:
- Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va oʻquvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:
Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor oʻtkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan oʻzlashtiring. Kitob oʻqing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang.
Ushbu murojaatlari hozirda uyda, oilalari bagʻrida masofaviy taʼlim olayotgan barcha oʻquvchi va talaba-yoshlarga oʻz ustlarida yana-da koʻproq ishlab bilimlarini oshirish hamda sogʻlom turmush tarziga qatʼiy amal qilishga turtki boʻladi. Chunki, bizning kelajagimiz zakovatli, bilimli va albatta sogʻlom yoshlar qoʻlida.
“Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon toʻgʻrisida
Bu farmon ham koʻpchilik tomonidan kutilgan yangilik boʻldi. Aholimizga qulaylik yaratish maqsadida mart-iyun oylarida tugaydigan yosh bolali oilalarga beriladigan, bolani parvarishlash nafaqalari va moddiy yordam tayinlanishi avtomatik tarzda uzaytirilishi, Vazirlar Mahkamasiga oilalar ijtimoiy nafaqa olishga muhtojligini baholash tartib-taomillarini soddalashtirishi, yolgʻiz qariyalar va nogironlar karantin tugagunga qadar bir martalik niqoblar, antiseptika vositalari va bakteriyaga qarshi sovun bepul berilishi belgilab berildi.
Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning 2020-yilning 6 oyida toʻlanishi lozim boʻlgan kreditlarning muddati uzaytirilib, tijorat banklari tomonidan (yuridik va jismoniy shaxslarga) qarzlar boʻyicha hisoblab chiqilgan va muddati uzaytirilgan foizlar ushbu davrdagi daromad soligʻini hisoblashda jami daromadga kiritilmasligi, jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq summasi va oʻz faoliyatini majburan toʻxtatib turgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq hisoblanishi toʻxtatib turilishi, shuningdek Turoperatorlar, turagentlar va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatadigan subyektlar, “Uzbekistan Airports” AJ, “Uzbekistan Airways” va “Sentr Uzaeronavigatsiya” DUK mulk va yer soligʻi toʻlovidan ozod etilgan holda ijtimoiy soliq stavkasi 1 foizgacha pasaytirilishi ularni faoliyatlariga davlat tomonidan berilgan katta amaliy koʻmakdir.
Foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va noturar inshootlarga nisbatan mulk va yer soligʻining oshirilgan stavkalari qoʻllanilishi, ularga penya hisoblanishi va ular boʻyicha qarzdorlik majburiy undirilishi toʻxtatilishi hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan foizsiz moliyaviy yordam koʻrinishida olingan mablagʻlar foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan foydadan soliqqa tortilmasligi tatbiq etiladi.
Ushbu farmonda benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz, shuningdek spirt va alkogolli mahsulotni isteʼmolchilarga sotish uchun aksiz soligʻi stavkalari oshirilmasligi bilan birga yana bir eng muhim – oziq-ovqat (goʻsht, baliq, un, shakar, sut mahsulotlari, oʻsimlik yogʻi, tuxum, piyoz va boshqalar), shuningdek gigiyena mahsulotlarini va tovarlarni olib kelishga “nol”li bojxona boji va aksiz soligʻi joriy qilinishi nafaqat tadbirkorlarimizni balki yurtimiz aholisiga arzon sifatli mahsulotlarni yetkazilishidadir.
“Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonda bugungi kunning eng dolzarb muammolari oʻz yechimini topgan va xalqimiz bu farmon mohiyatini toʻliq anglagan holda qoʻyilayotgan talablarni toʻgʻri tushuna oladi.
Shu oʻrinda bugun dunyoda vujudga kelgan ushbu holat olloh tomonidan yuborilgan bir sinov. Tarixdan maʼlumki, oʻzbek xalqi juda mehmondoʻst, oqibatli, saxovatli va shu bilan birgalikda ahil va inoq xalq. Tibbiyot qanchalik rivojlangan boʻlmasin, davlat bunga qancha-qancha mablagʻ ajratmasin, agarda tartib-intizomli boʻlib, karantin qoidalariga rioya etmasak, barcha koʻrilayotgan choralar, pandemiyaga qarshi kurashish uchun jalb etilgan fidoyi insonlarning mehnati behuda ketishi mumkin. Xalqimiz oʻz oilasi, farzandlari, elu-yurti tinchligi, sogʻligini hamma narsadan ustun qoʻyadi.
Aziz yurtdoshlar imkoni boricha karantin davrida uydan chiqmasdan ota-ona xizmatida, farzandlarimiz va nabiralarimiz yonida boʻlaylik. Yurtboshimiz tomonidan imzolangan Farmonlar, Qarorlar, aniq belgilanayotgan chora-tadbirlarga amal qilgan holda, ona zaminimizda istiqomat qilayotgan koʻp millatga mansub, qariyb 34 million aholining qismati har birimizga bogʻliq ekanligini unutmang.
Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha ekspert Bryus Panniyer u navbatdagi tahliliy maqolasida &Markaziy Osiyo doirasida saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga faol harakat qilayotgan bitta siyosatchi boʻlsa, u ham Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev&, ekanligini bildirgani, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan jamiyatimiz ravnaqi hamda xalqimiz roziligi uchun amalga oshirayotgan tezkor, aniq tizimli ishlariga berilgan yana bir eʼtirof deb bilmogʻimiz lozim.
Men oʻz fikrimni Yurtboshimizning ushbu soʻzlari bilan yakunlamoqchiman: — Oʻzbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolmaydi!
Ishonamanki, birgalikda bu koronavirus pandemiyasi ustidan albatta gʻalaba qozonamiz.
Baxtiyor Sayfullayev , Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Yoshlar, madaniyat va sport masalalari
qoʻmitasi raisi