Har bir murojaat ortida inson bor
Jizzax viloyatida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning kasb-hunar egallashi va daromadli mehnat bilan shug‘ullanishi uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev topshirig‘iga muvofiq, hududlarda ishsiz yoshlar bilan mas’ul rahbarlarning ochiq muloqotlari tashkil etilmoqda.
Navbatdagi rahbar va yoshlar uchrashuvlari G‘allaorol hamda Baxmal tumanlarida bo‘lib o‘tdi. Ularda G‘allaorolda 800 nafarga yaqin, Baxmalda esa 1 ming nafardan ziyod yosh ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Muloqotlar davomida ish topish, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.


E’tiborlisi, suhbatlarda nafaqat mavjud muammolar, balki ularning amaliy yechimlariga ham alohida urg‘u berildi. Bugun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, muvaffaqiyatga erishayotgan, tengdoshlariga namuna bo‘layotgan yoshlar ishtirokidagi ochiq muloqotlar bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularning tajribasi, amaliy tavsiyalari va hayotiy misollari boshqa yoshlar uchun ham yangi tashabbuslarga turtki bermoqda.


Uchrashuvlar yakunida har bir murojaatni manzilli o‘rganish, aniqlangan muammolarga yechim topish va yoshlarning bandligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Zero, yoshlarning ishli bo‘lishi nafaqat ularning shaxsiy farovonligi, balki oilalar osoyishtaligi, hududlar taraqqiyoti va jamiyat barqarorligining ham muhim omilidir. Asosiy maqsad – har bir yoshning mehnat salohiyatini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va kelajakka ishonchini mustahkamlash.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri