Har bir ishda qonun ustuvor bo‘lmog‘i lozim
Xalq deputatlari Namangan viloyati va shahar Kengashlari deputati, Namangan davlat universiteti professori, yuridik fanlari doktori, professor, “Adolat” sotsial demokratik partiyasi faoli Narimon Dehqonov tashabbusi bilan o‘quvchilarni pul evaziga xizmat ko‘rsatuvchi va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga jalb qilayotgan “kran-avtomat” apparatlari hamda kompyuter o‘yinlari faoliyati o‘rganildi.
Xalq noibi tomonidan Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhratali Imomov nomiga ushbu o‘yin jihozlari o‘rnatilishining qonuniyligi, shuningdek, ularning amaldagi litsenziya talablariga muvofiqligi yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborilgan edi.
Mazkur murojaat asosida viloyat hududida keng qamrovli xatlov ishlari amalga oshirildi. O‘rganishlar davomida jami 531 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyati tahlil qilindi. Shundan 211 tasi o‘yinchoq yutuqli avtomatlar, 320 tasi kompyuter o‘yinlari bilan shug‘ullanuvchi shoxobchalar ekani ma’lum bo‘ldi. Hamda, 131 ta o‘yin avtomati istirohat bog‘lari hududida joylashgani qayd etildi.

Xatlov jarayonida qator qonunbuzilish holatlari ham aniqlandi. Jumladan, 190 ta holatda tadbirkorlik faoliyati tegishli hujjatlarsiz amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Mas’ul tashkilotlar tomonidan ko‘rilgan choralar va berilgan ogohlantirishlar natijasida 84 ta tadbirkorlik sub’ekti belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, 234 ta sub’ekt esa ixtiyoriy ravishda o‘z faoliyatini to‘xtatdi.
Ta’kidlash joiz, deputatlik nazorati doirasida amalga oshirilgan bu amaliy ishlar tadbirkorlik faoliyatini qonuniy asosda tashkil etish, bozor munosabatlarida shaffoflikni ta’minlash bilan birga, ayniqsa, yoshlarni turli nosog‘lom illatlardan asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Deputatlik so‘rovi natijasida amalga oshirilgan bu kabi chora-tadbirlar jamiyat manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga jiddiy yondashish va tartib-intizomni mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.