Har bir bola mo‘’jiza yarata oladi
“...13 yoshimdan buyon nogironlar aravachasida o‘tiraman. Qo‘limdan futbol o‘ynashdan boshqa hamma ish keladi. Hatto mashina haydashni ham uddalayman. Institutda talabalarga dars beraman. Ishdan so‘ng kartinalar ustida ishlayman. Meni tushunadigan ayolim va bir nafar o‘g‘lim bor. Men baxtliman, chunki hech qachon o‘zimni nogiron his qilmaganman. Bunday baxtga erishishimda ota-onamning hissasi katta. Chunki yoshligimdan ular meni nogiron deb his qilishmagan, sog‘lom bolalardek munosabatda bo‘lishgan. Mana bugun men somon san’ati ustasi bo‘lib yetishdim. Men yaratgan kartinalar dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi san’at ixlosmandlarining uyi devorida osig‘liq turibdi. Har bir bola mo‘’jiza yarata oladi. Faqat unga atrofidagi yaqinlari qanday munosabatda bo‘lishiga bog‘liq...”
Ushbu so‘zlar muallifi somon san’ati ustasi Jasur Jumayev. Jasur bilan poytaxtimizdagi "Lotte City Hotel Tashkent Palace" mehmonxonasida imkoniyati cheklangan bolalar ishtirokida o‘tkazilgan “Mo‘’jizalar davri” xayriya ko‘rgazmasida tanishdik. Ushbu ko‘rgazmaga bolalar uyi, maxsus maktab va internatlarda o‘quvchi Jasur Jumayev kabi imkoniyati cheklangan, ammo iqtidorli bolalar ustozlari va ota-onalari hamrohligida tashrif buyurishdi. Ko‘rgazma "Mo‘’jizalar davri" tashabbuskor guruhi va O‘zbekiston Volontyorlar assotsiatsiyasi tomonidan uyushtirilib, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi ko‘magida o‘tkazildi.

– Bu bolalar ham sog‘lom bolalar kabi baxtli hayot kechirishga loyiq,–deydi ko‘ngilli yigitlardan biri Sherzod Isroilov. –-Shaxsan men hammaga birdek qarayman, bir xil muomalada bo‘laman. Bu bolalar hayotdan to‘laqonli zavqlanishga imkon bermaydigan turli xil cheklovlar bilan dunyoga kelgan. Ammo bu ularga atrofda sodir bo‘layotgan hatto biz sezmaydigan ijobiy lahzalarni izlash va topishga xalal bermaydi. Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar dunyoni shu bolalar nigohi bilan idrok etishlarini istagan bo‘lardim.
Ko‘rgazma davomida bolalar uchun professional san’atkorlarning chiqishlari, shuningdek, bolalarning o‘zlari ishtirokida qiziqarli shou-dasturlar taqdim etildi.
– Tadbir bolajonlarga juda manzur bo‘ldi,–deydi Ohangaron shahridagi 7 -yordamchi maktabning mehnat fani o‘qituvchisi Dilfuza Bakirova. –Ko‘rgazmaga o‘quvchilarimiz qo‘l mehnati orqali yasagan rasmlar, yumshoq o‘yinchoqlar, zardo‘zi buyumlar, munchoqli buyumlar, aplikatsiyalar olib kelishdi. Maktabimizda 200 nafar imkoniyati cheklangan bola bor. Shulardan 61 tasi uyda ta’lim oladi. Ular mehnat fanida turli buyumlar yasashi orqali qo‘l motorikasi rivojlantiriladi. Ranglarni ajratishni o‘rganishadi, asablarini tinchlantiradi. Ayniqsa, o‘z kuchiga ishonib, biror narsa yasaganidan so‘ng quvonib, dunyolarga sig‘may ketadi.
Xayriya ko‘rgazmasidan yig‘ilgan barcha mablag‘lar ishtirokchi tashkilotlarga bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni olib borish uchun berildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA