Har bir bola – bo‘lajak daho
Xushxabarni eshitib, muallimani tabriklash uchun maktabga borganimizda, Firuza opani hamkasblari, shogirdlari qurshovida quchog‘i gulga to‘lib turgan holda uchratdik.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-sentabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz orasida Samarqand shahridagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi matematika fani o‘qituvchisi Firuza Gafarova ham bor. Firuza opa “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” unvoni bilan taqdirlandi.Ushbu xushxabarni eshitib, muallimani tabriklash uchun maktabga borganimizda, Firuza opani hamkasblari, shogirdlari qurshovida quchog‘i gulga to‘lib turgan holda uchratdik.
– Davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlanganimni shogirdlarim, hamkasblarimdan eshitdim, – deydi O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Firuza Gafarova. – Ertalabdan buyon telefon qo‘ng‘irog‘i tinmaydi. Shogirdlarimning quvonch bilan, qalbi faxrga to‘lib aytayotgan tilaklaridan ko‘zimga yosh keldi. Bundan 12-yil oldin “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan bo‘lsam-da, faxriy unvonga sazovor bo‘laman, deb o‘ylamagandim. Bu Prezidentimizning, davlatimizning ta’limga, o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan ulkan e’tibori samarasi, deb bilaman.
– Firuza opa maktabimizning faxri, barchamizning ustozimiz, – deydi Samarqand shahridagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Shahlo Yusupova. – Shaxsan men qariyb yigirma yildan buyon opa bilan birga ishlab, kasbga yuksak sadoqat, shogirdlari va o‘quvchilariga nisbatan mehr va bag‘rikenglikni ko‘rdim, bu xislatlarni o‘rganishga intildim. Opaning nihoyatda kamtarinligi, o‘ttiz besh yillik pedagogik tajribaga ega bo‘lsa-da, o‘qish-izlanishdan to‘xtamasligi barchamizga ibratdir. Shu paytga qadar ustozimizning maktabga quruq qo‘l bilan kelganlarini ko‘rganim yo‘q. Har kuni yangi-yangi kitoblar, ko‘rgazmali vositalar olib kelib, darsni o‘ziga xos, kechagiga o‘xshamagan tarzda o‘tishga harakat qiladi. Shuning uchun o‘quvchilarimiz matematika darsiga murakkab fan sifatida qaramaydi, balki bu darsni ishtiyoq bilan kutadi. Darsdan keyingi qo‘shimcha mashg‘ulotlarda ham sinf o‘quvchilarga to‘lib ketadi.
Shogirdlarining aytishicha, F.Gafarovaning bir nechta dars ishlanmalari viloyat va mamlakat miqyosida ommalashtirilgan. Viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tinglovchilari uchun har oyda maktabda ochiq dars o‘tkaziladi. O‘quvchilari esa bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida doimo yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Muallimaning o‘zi ham bir necha bor “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lgan.
– O‘quvchilik yillarimda, ayniqsa, matematikaga juda qiziqsam-da, o‘qituvchidan biror narsani so‘rash, savol berishdan cho‘chir edim, – deydi Firuza opa. – Bilmadim, bu bolalikdagi tortinchoqlik sababmi yoki muallimlarimizdan qo‘rqqanmanmi, maktabdan uyga kelib savollarimni ota-onamga berardim. Ular javob berishardi, ba’zida esa javob topolmasdik. Ana o‘sha paytlarda “katta bo‘lsam o‘qituvchi bo‘laman, o‘quvchilarning barcha savollariga javob beradigan o‘qituvchi bo‘laman”, der edim. Yaratganga shukr, orzularim ro‘yobga chiqib, o‘qituvchi bo‘ldim. O‘quvchilarim qalbiga yo‘l topish, ularga nimadir yangi gap aytish, ilm o‘rgatish hayotim mazmuniga aylandi. Aslida biz, murabbiylar barcha o‘quvchilarga bo‘lg‘usi daholar deb qarashimiz kerak. Chunki, tajribasiz muallim bo‘lishi mumkin, lekin iste’dodsiz bola yo‘q, degan gap ayni haqiqat. Har bir bola o‘ziga xos bir olam va unda qaysidir fanga, sohaga qiziqish bor. Ana shu qiziqish, iqtidorni vaqtida payqash va yuzaga chiqarish o‘qituvchining bilimi, mahorati va albatta, bolalarga bo‘lgan mehriga bog‘liq. O‘quvchisiga mehr qo‘ymagan, uni yaxshi ko‘rmagan o‘qituvchi zimmasidagi burchni bajara olmaydi, ustozlik darajasiga ko‘tarila olmaydi, deb o‘ylayman.