Haqso‘z olimdan yana uch kitob
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida atoqli navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqul tavalludining 75-yilligi hamda uning bir qator yangi kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda mazkur institut direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam va boshqalar ustoz navoiyshunos Ibrohim Haqqul adabiy merosining o‘ziga xos tomonlari haqida gapirdi.
– O‘zbek adabiyotiga daxli bor hech bir odam Ibrohim akasiz bu sohaga qadam qo‘ymagan bo‘lsa kerak, – dedi filologiya fanlari doktori, professor Boqijon To‘xliyev. – Ibrohim aka mumtoz adabiyot bo‘yicha nihoyatda tengsiz mutaxassis edilar. Jahon adabiyoti, mumtoz adabiyot, folklor ijodiyotiga oid ilmiy maqolalari bilan shu sohaning donishmandi ekanliklarini to‘liq namoyon etganlar. U kishida olimning hamma alomatlari tabiiy, tug‘ma edi. Butun umri davomida nimaiki qilgan bo‘lsa, bari ilm bilan bog‘liq edi. Insonning olimligi bilan birga uning shaxsiyati ham muhim. Shaxsiyatki, jur’at va jasorat bilan bog‘liq. Ibrohim aka o‘zbek adabiyotidagi tasavvufshunoslikni teran tahlil eta olgan, bu borada maktab yarata olgan inson edi. Uning Yassaviy, Navoiy, So‘fi Olloyor, Mashrab ijodiga oid tadqiqotlari, teran tahlillari kutilmagan muqoyasalarga juda boy.
Anjumanda e’tirof etilganidek, ustoz Ibrohim Haqqulda mumtoz adabiyotni tushuntirishda nihoyatda sodda, ravon usul bor edi. Ustoz qaysi auditoriyaga kirsa, o‘sha auditoriyadagi muhitni ziyraklik bilan tez ilg‘ar va unga munosib misollar keltirar edi.

– Hayotning eng muhim vaziyatlarida odamning asli qandayligi bilinadi, – dedi atoqli yozuvchi, ustoz ijodkor Nazar Eshonqul. – Davrning ba’zi sinovlariga dosh berishda Ibrohim aka o‘rnak bo‘lganlar. Ibrohim aka Navoiyda bugun insoniyat duch kelayotgan barcha masalalarga javob mujassam ekanini qadrlar edilar. Ibrohim akaning Navoiyga bag‘ishlangan kitoblarini o‘qib, o‘rgansak, undan o‘zimiz izlagan savollarga javob olamiz. Ibrohim aka shu kitoblari orqali bizni Navoiy bilan yaqinlashtirgan ijodkor edilar.
– Ibrohim Haqqul yuragini ilmdan topgan inson edi, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron. – Uzoq yillar Do‘rmondagi bog‘da ko‘plab daraxt ko‘chatlarini egganmiz. Bir kuni Yunusoboddagi xonadonimiz eshigi taqilladi. Bir yigit katta tog‘orada o‘rik keltirgandi. Bu Ibrohim aka eggan daraxt ko‘chatlarining mevasi edi. Ular adabiyotda ham ko‘plab daraxt ko‘chatlarini eggan edilar. Bu bog‘lar hali o‘z hosilini beradi.
Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov Ibrohim Haqqul benazir inson bo‘lishi bilan birga har kuni, har oy, har yili yangilanib boruvchi, o‘z ustida tinimsiz izlangan ijodkor bo‘lganini e’tirof etdi.
Taqdimot tadbirida atoqli navoiyshunos olimning “Navoiyga qaytish – 5”, “Mushohada yog‘dusi –3” hamda “So‘zboshi: irfon va ishonch” kitoblari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Adabiyotshunoslarga ko‘ra, “Navoiyga qaytish” beshinchi kitobida buyuk shoir ijodining hali tadqiq va talqin etilmagan mavzular, navoiyshunoslikdagi muammolardan so‘z yuritilgan. Shuningdek, g‘azal tahlillariga ham keng o‘rin ajratilgan.
“Mushohada yog‘dusi – 3” kitobida muallifning Alisher Navoiy shaxsiyati va ijodiy merosi, tasavvuf va adabiyot xususidagi fikr va mulohazalari bilan tanishish mumkin. Unda olimning shu mavzudagi fikr mulohazalari bilan birga, haqiqat, jur’at, samimiyat, mohiyatbinlik haqidagi hayotiy xulosalariga e’tibor qaratilgan.
Xotira tadbiri g‘oyat samimiy ruhda o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri