Hamyurtlarimiz uchun bayram tuhfasi
Yangi yil shukuhi kezib yurgan shu kunlarda poytaxtimizda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli "Chinobod plaza sanatoriysi" ish boshladi.
Yurtimizda oshqozon-ichak kasalliklari yetakchi o‘rinda bo‘lib, katta yoshdagi odamlar orasida 8-10 foizni tashkil etadi. Noto‘g‘ri ovqatlanish, buning natijasida ortiqcha tana vaznining ortishi asosan qabziyat, oshqozon osti bezi kasalliklari, o‘t qopi, yara hamda jigar xastaliklarining ko‘payishiga olib kelmoqda. Bu kasalliklarning ortishi ishchi va xizmatchilar orasida samarali mehnatning pasayishiga, surunkali xastaliklarning zo‘rayishiga, shifoxonalarda davolanuvchilarning ortishi esa vaqtinchalik hamda qat’iy mehnat qilish layoqatining yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu kasalliklarga ixtisoslashgan o‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan "AJ Chinobod sanatoriysi" 430 o‘ringa ega bo‘lib, uning yillik o‘rin -kun bandligi 340 kundan oshadi. Mazkur sihatgohga bo‘lgan talabning ortishi, ishchi- xizmatchilarni sog‘lomlashtirish ishlarini kengaytirish maqsadida sanatoriyaga qo‘shimcha bino qurish hisobiga uning quvvatini oshirish yoki alohida zamonaviy, barcha talablarga javob beradigan yangi sanatoriya qurish talab qilinardi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli "Chinobod plaza sanatoriysi" mas’uliyati cheklangan jamiyatining qurilishi 2018 yilning 2-choragida boshlanib, 2020 yilda to‘liq bitkazildi. Sanatoriya 144 o‘rinli yotoqxona va davolash binosiga ega. Yiliga 4500 nafar kishini sog‘lomlashtirishga mo‘ljallangan mazkur maskanning hududi 1,7 gektarni tashkil etadi. Qurilish va obodonlashtirish ishlari, muhandislik inshootlarini barpo etish uchun jami 71,887 milliard so‘m atrofida mablag‘ sarflangan.
Besh qavatli ushbu sanatoriya oshqozon-ichak yo‘li kasalliklari, yurak-qon tomir, endokrin, asab tizimi bilan og‘rigan dam oluvchilar uchun tibbiy reabilitatsiya xizmati ko‘rsatishga ixtisoslashgan, u mehmonxona toifasidagi balneologik sihatgoh bo‘lib, dengiz sathidan 450 metr balandlikda joylashgan.
Bu yerda davolash muolajalari tibbiy, iqlimiy, fizioterapevtik usullardan kompleks ravishda foydalangan holda amalga oshiriladi. Asosiy tibbiy davolash omillari Toshkent artezian yer osti havzasidan chiqadigan shifobaxsh suvlardir.
[gallery-677]
Sanatoriyaning tantanali ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosaoi Ulug‘bek Musayev, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Qahramoni, faxriy o‘qituvchi Turg‘un Azlarov va boshqalar inson manfaatlariga ustuvor e’tibor qaratish, barcha tarmoqlarning barqaror rivojlanishi pandemiya sharoitida ham Prezidentimizning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi xalqimizning kelgusidagi taraqqiyoti strategiyasini belgilab berishda muhim dasturilamaldir.
Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi. Bu jarayonda ustozlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur sihatgohning ilk dam oluvchilari o‘qituvchilar, yozuvchi va shoirlar, mehnat faxriylari bo‘lishdi. Sanatoriyada davolash va profilaktika muolajalari uchun ilg‘or texnologiyalardan, davolash usullaridan keng foydalanilmoqda. Bu yerda yashash, salomatlikni tiklash uchun bir joyda sharoit yaratilgani ahamiyatlidir. Ayni paytda kasaba uyushmalari tomonidan jami 13 ming 500 nafardan ortiq o‘qituvchini sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan. Hozir ana shu fidoyi o‘qituvchilarning ro‘yxati shakllantirilmoqda.
– Yaqindagina ushbu dargohga keldik, – dedi Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 4-maktabning geografiya o‘qituvchisi, xalq ta’limi a’lochisi Zilola Xalilova. -- Mavjud sharoitlarning sifatidan g‘oyat mamnun bo‘ldik.
Ushbu sanatoriy gastrofibroskopiya, kolposkopiya, UTT, zarb to‘lqinli davolash, ozonoterapiya, umurtqani tortish, yuqori va past chastotali fizioterapevtik uskunalar, parafin-ozokerit vositasida davolash uchun zarur barcha jihozlar bilan ta’minlangan. Davolanuvchilarga 113 nafar yuqori malakali tibbiyot mutaxassisi xizmat ko‘rsatmoqda.
Sanatoriyaga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.
Nazokat Usmonova, O‘zA