Hamyurtlarimiz JCH-2022 saralash bosqichida ishlashadi
3 iyun kuni qit’amizning bir qator mamlakatlarida JCH-2022 saralash o‘yinlarining ikkinchi bosqich bahslari start olishi haqida xabar berdik.
Mazkur saralash bosqichining muhim uchrashuvlarini boshqarish yurtimiz hakamlari va nazoratchilari zimmasiga ham yuklanmoqda – OFK bir qator tajribali hakam va nazoratchilarimizni mazkur nufuzli musobaqalarga taklif etgan.
Jumladan, FIFA hakami Ilgiz Tantashev Bahraynda bo‘lib o‘tadigan «S» guruhi uchrashuvlarida faoliyat olib boradi, unga yon qanotda Andrey Sapenko yordam beradi. «S» guruhida maydon egalaridan tashqari Eron, Gonkong va Kambodja davlatlari terma jamoalari o‘zaro bahs yuritishadi.
Yana bir FIFA yordamchi hakamimiz Ruslan Serazitdinov Qatarda o‘tadigan «E» guruhi o‘yinlarida faoliyat olib boradi. Bu guruhda mezbonlardan tashqari Bangladesh, Afg‘oniston va Hindiston termalari jam bo‘lishadi.
Shuningdek, FIFA nazoratchisi Vladislav Seytlin BAAga safar etadi. Bu yerda «G» guruhidagi Tailand, Indoneziya, Malayziya va mezbon BAA termalari kurash olib borishadi.
Oybek YUNUSOV, O‘zA