Hamshiralarning 51 million so‘mlik ustama pullari undirib berildi
Andijon viloyati Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Z.Ishlanova 2016 yilning noyabr oyidan buyon tumandagi 26-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida hamshira vazifasida ishlamoqda. Har kuni erta tongdan to so‘nggi tarbiyalanuvchi uyiga qaytgunga qadar ularning salomatligini doimiy ravishda tekshirib boradi. Biroq shu kunga qadar unga hamshira vazifasida ko‘p yillik ishlagani uchun qonunchilikda belgilangan qo‘shimcha ustama pullari to‘lanmagan.
Tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari davomida Z.Ishlanova hamda boshqa hamshiralar bir necha yillardan buyon ustama pullari to‘lanmayotganligini bildirishdi.
Murojaatga asosan olib borilgan monitoring o‘rganishlar davomida haqiqatan ham hamshiralarga tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan qo‘shimcha ustamalar to‘lanmasdan kelinganligi aniqlangan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi «Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori davlat muassasalarida ishlovchi tibbiyot xodimlariga uzluksiz ish stajidan kelib chiqqan holda tarif stavkasining 5 foizidan 20 foizi miqdorigacha qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilangan.
Mana shularni inobatga olib, tuman adliya bo‘limi tomonidan hamshiralarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tumanlararo sudiga davo arizalari kiritildi. Sudning buyruqlariga ko‘ra 11 nafar hamshiraga 52 million so‘mga yaqin ustamalar to‘lab berildi.
Shuhratbek Yusupov,
Jalaquduq tuman adliya
bo‘limi boshlig‘i