Hamshiralarni Italiya tibbiyot muassasalariga ishga jalb etish yuzasidan taklif bildirildi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gvido de Sanktis bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmat xabar berdi.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani, xususan, tibbiy ta’lim, kadrlar tayyorlash, klinik amaliyot, ilmiy hamkorlik va farmatsevtika yo‘nalishlarida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Ayniqsa, Andijon davlat tibbiyot instituti bilan L’Akvila universiteti o‘rtasidagi hamkorlik, Paviya, Piza va Perudja shaharlaridagi akademik markazlar bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar yuqori baholandi. Shuningdek, Lombardiya mintaqasi hamda Perudja universiteti bilan tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar e’tirof etildi.
Uchrashuvda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zbekistonlik shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarining Italiyadagi yetakchi klinika va universitetlarda stajirovkasini kengaytirish, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘z navbatida, elchi janoblari o‘zbekistonlik hamshiralarni Italiyadagi tibbiyot muassasalariga ishga jalb etish yuzasidan takliflarini bildirdi.
Qolaversa, farmatsevtika sohasida texnologiyalar transferi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va farmakonazorat bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqotda, shuningdek, Italiya kompaniyalarining yurtimizda tibbiyot infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sohani raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalardagi ishtirokini ta’minlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA