“Hamshira–2024” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari
Buxoroda “Hamshira-2024” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov tasdiqlab berilgan Nizom shartlari asosida o‘tkazildi. Unda murojaat qilgan bemorlarni qabul qilish, ahvolini baholash va shifokor buyurgan dori-darmon, tibbiy asbob-uskunalar yordamida amalda muayyan bemorga tibbiy yordam ko‘rsatish sinovlari orqali ishtirokchilar baholanib borildi.

Hamshiralarimiz mamlakatimizda ro‘y berayotgan siyosiy jarayon, sog‘liqni saqlash tizimida o‘tkazilayotgan islohotlar, ularni amalga oshirishda hamshiraning o‘rni va vazifalari, tibbiy bilimlarga oid tezkor savollarga javob berdi. Shuningdek, zukko hamshiralarning odam anatomiyasi va fiziologiyasi, kasallik belgilari, hamshiralik ishi, tibbiy hujjatlar, shoshilinch tibbiy yordam, dori vositalari, yuqumli kasalliklar profilaktikasi hamda kundalik kasbiy ish salohiyatini ko‘rsatuvchi erkin mavzular bo‘yicha chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.


“Hamshira-2024” ko‘rik-tanlovining quyi bosqichlari shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalari, respublika ixtisoslashtirilgan markazlari filiallari, shoshilinch tibbiy yordam, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari va boshqa davolash-profilaktika muassasalarida tashkil qilindi. Ularda jami 378 nafar hamshira, ya’ni o‘rta maxsus tibbiyot xodimi kasbiy bilim mahorati va amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

–Har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rilgan va murosasiz kechgan bahsda nisbatan yuqori, 166 ballga ega bo‘lgan Jondor tumani tibbiyot birlashmasining shoshilinch qabul bo‘limi hamshirasi Diyora Odinayeva faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi, –deydi viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi, hakamlar hay’ati a’zosi Ma’mura Safoyeva. –Undan kichik farq bilan ustun kelgan Buxoro shahrining 6-sonli oilaviy poliklinikasi hamshirasi Gulmira Abdullayeva faxrli shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan o‘rin oldi, Viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseri hamshirasi Shahlo G‘aybullayeva esa hakamlar hay’ati yakdil qaroriga binoan, 184 ball to‘plab, ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi mutloq g‘olibi deb topildi. Endi u joriy yil 12-may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan poytaxtda bo‘lib o‘tadigan “Hamshira-2024” ko‘rik-tanlovining respublika final bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.

Ko‘rik-tanlov g‘olib va ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri