Hammasi uchun rahmat senga, Oksana!
Bu so‘zni yozish qanchalar og‘ir, lekin o‘sha kun yetib keldi. Haqiqiy tirik afsona, o‘zbek sportining faxri Oksana Chusovitina bugun katta sport bilan xayrlashdi.
Bir necha daqiqa avval Tokiodagi “Ariake Gymnastics” arenasida hamyurtimiz Oksana Chusovitina faoliyatidagi so‘nggi sakrashni amalga oshirdi. Garchi uning ikkinchi parvozi finalga chiqish uchun kamlik qilgan bo‘lsa ham, nomi abadiylikka kirish uchun yetarli bo‘ldi.


Sakkazinchi bor Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, o‘z sporti turida Ginnes rekordlar kitobiga kirgan Oksana Chusovitinaning chiqishi 14.166 ball bilan baholandi. Afsuski, ushbu ball final yo‘llanmasi uchun kifoya qilmadi hamda ekran qarshisidagi millionlab muxlislar, hamkasblari va murabbiylari olqishlari ostida katta sportdan ketdi.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, «Do‘stlik», «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati» ordenlari va «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni sohibi Oksana Aleksandrovnaga uzoq yillik faoliyati uchun minnatdorchilik bildiradi hamda kelajakda murabbiy sifatida ham yurtimizda sport, xususan, gimnastika taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishiga tilak bildirib qoladi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitpsi matbuot xizmati xabarida.



O‘zA