Hammasi o‘zimizda, hammasi o‘zimizniki
Jizzax shahridagi “Euroasia karpet” korxonasida yiliga 1 million 800 ming kvadrat metr turli o‘lchamdagi gilam, 2 ming tonna polipropilen ipi ishlab chiqarilayotir.
Jizzax shahridagi “Euroasia karpet” korxonasida yiliga 1 million 800 ming kvadrat metr turli o‘lchamdagi gilam, 2 ming tonna polipropilen ipi ishlab chiqarilayotir.2013-yilda 1 million 750 ming AQSh dollarilik mahsulot eksport qilindi.
– O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talab yildan-yilga ortmoqda, – deydi viloyat iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i T.Abdunazarov. – Ilgari chetdan keltirilgan paypoq, choyshab, sochiq, turli kiyim-kechak va boshqa o‘nlab trikotaj buyumlari bugun viloyat korxonalarida ishlab chiqarilmoqda. Mahalliy xomashyodan tayyor va yarim tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2013-yilda yengil sanoat yo‘nalishida amalga oshirilgan 66 loyiha asosida 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Bugungi kunda viloyatda 273 yengil sanoat korxonasi faoliyat yuritayotir.
Ishlab chiqarish korxonalarining chekka qishloqlarda tashkil etilayotgani ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda. Masalan, Yangiobod tumanida tashkil etilgan “Yangiobod chevarlari”, Mirzacho‘l tumanidagi “Iqbolxon-Marjona”, Forish tumanidagi “FOR-TEX” korxonalarida yuzlab yoshlar ish bilan ta’minlandi.
2014-yilda viloyatda sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish dasturiga asosan 237 loyihani amalga oshirish, jumladan, 64 yengil sanoat korxonasini ishga tushirish belgilangan. Ayni paytga qadar 31 shunday korxona faoliyatini boshlagani samarasida 550 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish, kichik-biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaldagi ifodasidir.