Hamkorlikning mustahkam asosi
SHHTning Samarqand shahrida o‘tkazilgan XXII sammitiga tashrif buyurgan bir qator dunyo yetakchilari tomonidan aytib o‘tilgan o‘rinli fikr-mulohazalar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Jumladan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, “yashil” va ekspress yo‘laklarni tashkil etish, iqtisodiy barqarorlikka erishish uchun mintaqaviy hamkorlikning ishonchli modellaridan foydalanish kabi masalalar ham batafsil muhokama etilgani ayni muddao bo‘ldi.
Darhaqiqat, samimiy yig‘ilishda Prezidentimiz alohida ta’kidlanganidek, madaniy-gumanitar aloqalar an’anaviy ravishda hamkorlikning mustahkam asosidir.
Samarqand sammiti strategik hamkorlik anjumani sifatida butun dunyo hamjamiyati diqqat markazida ekanligi bilan ahamiyatlidir. Qator davlatlarning ekspertlari mana bir necha kundirki, sammit yakunida imzolangan qarorlar va boshqa rasmiy hujjatlarni ijobiy voqelik ekanligini mamnuniyat bilan e’tirof etmoqda.
Sayyoramizning eng qadimiy shaharlaridan biri – Samarqandda o‘tkazilgan SHHTning XXII sammitida Prezidentimiz ushbu go‘zal va madaniy jihatdan betakror shaharga o‘z munosabatini bildirib, “Samarqand – biz SHHTni tuzishda asos qilib olgan bag‘rikenglik va turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namunadir” deb aytgan so‘zlarida bir olam ma’no mujassam.
E’tiborlisi, davlatimiz rahbari, bu gal ham Afg‘oniston masalasiga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratdi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bir qator tashabbus va takliflar orasida ushbu dolzarb masala bilan bog‘liq, ya’ni Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondni mazkur mamlakatga chegaradosh bo‘lgan Termiz shahrida u yerdagi mavjud transport - logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda birgalikda ta’sis etish taklifining bildirilganligi ushbu mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash imkonini beradi.
Oybek Hamroyev,
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi,
O‘zA.