Hamkorlikdagi rejalar muhokama qilindi
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov boshchiligidagi delegatsiya 1-4 iyun kunlari Minskda bo‘lib o‘tadigan «TIBO-2021» XXVII xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari forumida ishtirok etish uchun Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi.
Shuhrat Sodiqov mazkur forum doirasida «EPAM Systems» kompaniyasi bosh direktori P.Shagoyko bilan muzokaralar o‘tkazdi. «EPAM Systems» kompaniyasining O‘zbekistondagi filiali 2019 yilda ochilgan bo‘lib, hozir unda yuzdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritadi. Kompaniya IT-Park rezidenti hisoblanadi.
Uchrashuvda IT sanoat uchun kadrlar tayyorlash o‘quv infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari, respublikaning barcha hududlaridan kelgan yoshlarni jalb qilgan holda xakaton (dasturchilar forumi)larni yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, universitetlar qoshidagi IT-Park mavjud inkubatsiya markazlari asosida «EPAM Systems» laboratoriyalarini tashkil qilish, IT-Park filiali binosida imtiyozli shartlar asosida ofis maydonlarini barpo etish, IT maktablarini rivojlantirish kabi mavzular muhokama qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA