Hamkorlik yutuqlar omili bo‘ladi
Ko‘nikma hamisha bilimlarga asoslanadi va mahoratning negizi hisoblanadi. Agar inson biror joy, biror jamoa yoki biror ish oldida o‘zini begona his qilsa, xalqimiz ta’biri bilan aytganda “ko‘zi o‘rganishi” uchun oylab, ba’zida yillab oltindan qimmat vaqtini yo‘qotadi. To moslashguniga qadar qanchadan-qancha imkoniyatlarni qo‘ldan chiqaradi.

Shu ma’noda joriy yilning 5-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi va oliy ta’lim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalasiga alohida urg‘u berilgani ayni muddao bo‘ldi.
Xo‘sh, bu hamkorlik nima beradi? Eng avvalo, yoshlarda yuqorida qayd etilgan ko‘nikmani hosil qiladi. Professor-o‘qituvchilarni ko‘rib, ularning bilimidan bahramand bo‘lib “ko‘zi pishgan” maktab o‘quvchisi ertaga oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirganida fan doktorlariga o‘zini qiziqtirgan masala yuzasidan savol berolmay dovdiramaydi. Institut yoki universitetlarda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, laboratoriya jihozlari va boshqalarni o‘qishga kirishidan oldin doimiy ko‘rib, o‘rganib borgan bo‘lsa, hammasini oddiy qabul qiladi va oson o‘zlashtiradi. O‘quv yilining yarmini, ba’zida butun bir kursni maktabda o‘tilganlarni takrorlash bilan o‘tkazish kabi dahmazalar barham topadi. Yoshlarning ko‘nikma hosil qilish uchun ketadigan vaqti fikrlashga yo‘naltiriladi. O‘zlashtirilgan bilim tanqidiy mulohazalar va kreativ g‘oyalarga yo‘l ochadi. Ana o‘shandagina biz har jabhada raqobatlasha oladigan kadrlar tayyorladik, deb ayta olamiz.
Barcha ta’lim tashkilotlarining uzviy hamkorligi, ayniqsa, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim tashkilotlari uchun juda muhim ahamiyatga ega. Chunki biz tayyorlagan mutaxassislar ertaga ishlash uchun maktabga, professional ta’lim muassasasiga boradi. Talaba yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijasida 1-kursdaligidanoq maktabning, professional ta’lim muassasasining hayotiga qorishib ketsa, oliy ta’limni tugallagan zahotiyoq o‘quvchilarga bilim berish uchun to‘rt yillik tajribaga ega bo‘lgan pedagog singari ishga kirishadi. Ishni nimadan boshlashini bilmay esankirab qolmaydi.
Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan oldimizga qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun hududdagi barcha umumiy o‘rta va professional ta’lim tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga, bunda nafaqat Shahrisabz shahri va tumani, balki Kitob, Yakkabog‘, Qamashi, Chiroqchi tumanlaridagi ta’lim muassasalarini ham qamrab olishga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Ayni paytgacha Shahrisabz shahri, Shahrisabz hamda Kitob tumanlaridagi bir nechta maktablar, ixtisoslashtirilgan maktablar, Qamashi pedagogika texnikumi bilan hamkorlik memorandumi imzoladik va shu asosda amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Mazkur memorandumlarga ko‘ra, maktablarda va professional ta’lim muassasalaridagi darslarda 248 nafar professor-o‘qituvchimiz, fan va sohalar bo‘yicha falsafa doktorlari hamda talabalarimiz doimiy ravishda faol ishtirok etishadi. Ularning o‘quv reja va dasturlari institutimizning reja va dasturlariga muvofiqlashtiriladi.
O‘quvchilar institutimizdagi laboratoriya xonalari, IT-markaz va zamonaviy jihozlangan axborot- resurs markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti bilan hamkorlikda tashkil qilingan “Astronomiya o‘quv-ilmiy markazi” faoliyati bilan nafaqat doimiy tanishib borish, balki ulardan samarali foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.
Kafedralar qoshida tashkil etilgan 43 ta to‘garakda talabalarimiz bilan birga maktablar o‘quvchilarining ham bemalol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratildi. Misol uchun, institutimizda tashkil etilgan til o‘rganish kurslarida bugun talabalarimizdan tashqari yaqin atrofda istiqomat qiladigan 200 nafarga yaqin o‘quvchi nemis tilidan saboq olmoqda.
Ishonamizki, ta’lim tashkilotlari o‘rtasida o‘rnatiladigan bunday uzviy hamkorlik malakali va mahoratli, sifatli kadrlar tayyorlashda muhim omil bo‘ladi.
Jamshid Shonazarov,
Shahrisabz davlat pedagogika
nstituti rektori vazifasini bajaruvchi.
O‘zA