Hamkorlik memorandumi imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibida tuzilgan Amaliy etnologiya laboratoriyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qo‘mita va Milliy universitet mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.
Ma’lumki, xalqlarning etno xususiyatlarini e’tiborga olmaslik, ularga hurmatsiz munosabatda bo‘lish, millatlarning urf-odat va an’analari, qadriyatlarining kamsitilishi bugun dunyoda sodir bo‘layotgan ko‘plab nizolarning asosiy sababchisidir.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil qilingach, ayni shu masalada mamlakatimizning etnik xaritasini yaratish, bu bo‘yicha ilmiy markazlar tashkil qilish, tizimdagi mavjud holatni ilmiy jihatdan o‘rganish maqsadida soha mutaxassislari, olimlar tomonidan ko‘plab takliflar ilgari surildi. E’tiborlisi, O‘zbekiston Milliy universitetining tarix fakultetida etnologiya va ijtimoiy antropologiya yo‘nalishi bo‘yicha 2019/2020 o‘quv yilida bakalavrlarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bildirilgan taklif qo‘llab-quvvatlandi.
Hozirgi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida etnologiya va antropologiya bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Biroq shu kungacha mamlakatimizda ayni yo‘nalishda kadrlar tayyorlash tizimi mavjud emas edi. Mamlakatimizda oxirgi 30 yil davomida etnologiya yo‘nalishida kadrlar deyarli tayyorlanmagan. Quvonarlisi, Prezidentimizning mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida yurgizayotgan oqilona siyosati tufayli 2019 yildan boshlab O‘zbekiston Milliy universitetida etnologiya va ijtimoiy antropologiya bo‘yicha yangi yo‘nalish tashkil qilindi.
Shuningdek, Amaliy etnologiya laboratoriyasini tuzish taklifi ham davlatimiz rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 2020 yil avgust oyida mazkur laboratoriyaning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirda mazkur fakultetda 39 talaba bakalavr yo‘nalishiga qabul qilindi, 28 talaba magistrlik darajasini olish uchun soha sir-asrorlarini chuqur o‘rganmoqda.
Ta’kidlash kerakki, ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar mamlakatimiz va mintaqamizda yashayotgan turli millat, elat, urug‘larning o‘ziga xosligi, hududlarning etnik qiyofasi bo‘yicha bilim olib, millatlararo munosabatlar sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni anglash orqali hozirgi holat, ularning sabablari, ildizlarini o‘rganish, monitoring qilish va bu boradagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi.
Hamkorlikning huquqiy bazasini ta’minlash maqsadida Amaliy etnologiya laboratoriyasi bilan hamkorlik memorandumi tayyorlandi. Aytish joizki, 2020 yilning o‘zida bir nechta hamkor tashkilotlar bilan memorandumlar imzolandi. Bular O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi. Imzolangan hamkorlik memorandumi 2021 yildagi rejalarni amalga oshirishda Qo‘mita va Milliy universitet tarkibida tuzilgan Amaliy etnologiya laboratoriyasining vazifalari bir-birini to‘ldirishga xizmat qiladi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi matbuot xizmati.