Hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida viloyat oliy ta’lim muassasalari delegatsiyasi dunyoning yetakchi ta’lim maskanlaridan biri — The University of Hong Kongga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida universitet rahbariyati va rasmiy vakillari bilan samarali muloqot o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan dastlabki muzokaralar olib borildi. Uchrashuvda Guliston davlat pedagogika universiteti rektori Jahongir Qarshiboyev, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari G‘iyos Doniyorov hamda Guliston davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodovlar ishtirok etishdi.

Muzokaralar davomida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, zamonaviy talablarga javob beradigan ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish, xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan texnoparklar tashkil etish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

– Mazkur uchrashuv xalqaro akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi. Ayniqsa, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni integratsiya qilish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, yosh olimlar va talabalar uchun xalqaro maydonda o‘z salohiyatini namoyon etish imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai nazaridan bu muloqot alohida ahamiyat kasb etadi. Biz The University of Hong Kong tajribasini o‘rganish va uni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish orqali ilm-fan va innovatsiyalar rivojiga yangi sur’at bag‘ishlashni maqsad qilganmiz, – deydi Guliston davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov.

Tomonlar professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, akademik mobillikni kengaytirish, xalqaro grant dasturlarida hamkorlik qilish orqali ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish zarurligini ta’kidladilar. Bunday tashabbuslar, o‘z navbatida, Sirdaryo viloyati oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, QS World University Rankings xalqaro reytingiga ko‘ra, 2026-yil yakunlari bo‘yicha The University of Hong Kong dunyoda 11-o‘rinni egallab, Osiyo mintaqasida yetakchi oliy ta’lim muassasasi sifatida e’tirof etilgan.
Mazkur tashrif Sirdaryo viloyati ta’lim muassasalari uchun xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, ilmiy-innovatsion salohiyatni oshirish va ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishligi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri