Hamjihatlik, diyonat, himmat – raddi balo
Bugungi kunda koronavirus balosi yer yuzini qamrab, ajal vahimasini solmoqda.
Munosabat
Bugungi kunda koronavirus balosi yer yuzini qamrab, ajal vahimasini solmoqda. Odamzod paydo boʻlibdiki, boshidan nimalar kechmagan. Zilzila, dovullar, suv toshqinlari bular ham yetmagandek, urush-nizolar, ocharchilik, qahatchilik... Falokat oyoq ostida, deb bejiz aytishmaydi. Ahli bashar boshiga tushadigan bu kulfatlar doimo soyadek ergashib yuradi. 1823-yildan to 1925-yilgacha birgina Rossiyada 55 marotaba vabo epidemiyasi qayd etilgan. 1892-yil yozida Jizzaxda, Toshkentda bu oʻlat koʻp kishining yostigʻini quritgan. Lekin XIVasrda Osiyo, Yevropa va Afrika qitʼalariga xuruj qilgan oʻlat epidemiyasi chinakamiga “Buyuk depressiya” ni keltirib chiqargan, millionlab kishilar oʻlimiga sabab boʻlgan edi.
“Buyuk depressiya”ning muxtasar tarixni bilib qoʻyishimiz, nima uchun muhtaram Prezidentimiz qattiq jon kuydirayotgani, epidemiyani dafʼ qilish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etayotganligi, qatʼiy intizomga daʼvat etayotganligi, davlat gʻaznasidan 10 trillionlab mablagʻ ajratayotganligi sabablarini chuqur anglashimizda asqatadi, deb oʻylayman. Anglamaslik oqibatlari esa tuzatib boʻlmaydigan darajada xunuk oqibatlarga olib keladi. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat.
Yirik antropolog olim Djek Uezerfordning “Chingizxon va hozirgi zamon dunyosining tugʻilishi” (2018y) kitobida keltirilgan dalillar bilan tanishaylik. Qariyb 700-yildan soʻng koronavirus oʻlatning bir turi jahonni larzaga soladi, deb kim oʻylabdi. Tarixning takrorlanishimi yoki kishilik qismatining yozuvi shundaymi? 1332-yilda Xitoy janubida vabo tarqaladi. Ertalab sogʻ yurgan odamning kunning yarmiga borib, isitmasi chiqib ketadi, qayt qila boshlaydi, ichi ketadi. Qon quyuqlashadi, qovuq va chotda, qoʻltiq ostida yara, shish paydo boʻladi. Xastalik oqibati tezkor oʻlimga olib boradi. Muallifning aytishicha, bu xastalikning yana bir turi boʻlib, unda oʻpka yalligʻlanishi, nafas ololmaslik, aksa urish, yoʻtal boʻlishi kuzatilgan. 1332-yilda tarqalgan vaboning turdoshi hozirgi koronavirus emasmidi? Uni yuqtirgan kishi havo va kontakt, yoʻtal orqali boshqalarni ham shu dardga mubtalo etgan.
1338-yilga kelib, vabo xuruji Xitoy sarhadidan oʻtib, Oʻrta Osiyo va Yevropaga ham yetib boradi. Xuddi bugunda ham avji baland holda Italiyada davom etayotgan epidemiya oʻsha paytda shahar-qishloqlarning huvullab qolishiga olib kelgan. Bu voqea 1348-yilda sodir boʻladi. Qirollar vaboga qarshi vositada ojiz edilar. Milan shahrida kasalga chalingan uy barcha odamlari bilan ihota qilinib, eshik va derazalari yopilib, mixlab tashlangan. Boshqa manzillarda esa, cherkov qoʻngʻiroqlari toʻxtovsiz chalinib turilgan.
Djek Uezerford XIV asrdagi global vaboning sababini burga va kalamushlarga bogʻliq boʻlgan, deydi. Bu zararkunandalar, hasharotlar esa savdo karvonlari orqali janubdan shimolga borgan. Katta talofotlardan soʻng buni aniqlagan davlatlar savdo va barcha aloqalarni toʻxtatib qoʻyadilar.
“Buyuk depressiya”- XIV asr vabo epidemiyasidan ikki asr oʻtib, Amerika qitʼasida ham bu yuqumli oʻlat yuz beradi. Vabo qutirgan yillarda Afrika aholisi 80 milliondan 68 millionga tushib qoladi. Osiyoda esa 238 million jon sonidan 37 millioni hayotdan koʻz yumadi. Amerika qitʼasi ham 450 millionlik koʻrsatkichdan 350-375 million darajasiga tushib qoladi. Yevropa 75 million nufusdan 52 millionga kamayadi.
500-700-yillar avvalgi bu raqamlar kishini bugun ham qaygʻuga soladi. Djek Uezerfordning fikrlarini arab sayyohi va olimi Ibn Battutaning “Sayohatnoma”(2012y) asari ham tasdiq etadi. Ibn Battuta kitobida “Damashqdagi buyuk vabo hikoyasi” degan lavhasida shunday yozadi: “Yetti yuz qirq toʻqqizinchi (milodiy 1348) yilning rabi us-soniy oyi oxirlarida Damashqda buyuk vabo tarqalgan paytda... Sultonning noibi malik ul-umaro Argʻun shoh jarchiga Damashq ahliga: “odamlar uch kun roʻza tutsinlar, hech kim bozorda kunduzi yeyiladigan narsa pishirmasin” –deb jar solishni buyuradi... Amirlar, ashroflar, qozi va boshqa turli tabaqadagi odamlar jomega(masjid) gʻuj-gʻuj boʻlib yigʻilib, juma kechasini namoz, zikru duoda oʻtkazdilar. Keyin bomdod namozini oʻqib, hammalari oyoqda tik turgancha qoʻllarida Qurʼonni ushlab chiqdilar. Amirlar yalangoyoq holda, shaharning barcha aholisi, erkagu ayol, yoshu qari, yahudiylar tavrotlari bilan-barchalari yigʻilgan holda, Alloh taologa kitoblari va paygʻambarlarini vasila qilib tazarru bilan Aqdom masjidiga bordilar, zavolga qadar oʻsha yerda turib, keyin shaharga qaytdilar va juma namozini ado etdilar. Alloh taolo shunda baloni ulardan yengillatdi. Holbuki, bir kunda oʻlganlar soni ikki ming kishiga yetgan edi”.
Tabiiyki, bu yorugʻ olamda bir ish Alloh taolo iznisiz sodir boʻlmaydi. Gunoh va xatolar bandalarda: fahsh, diyonatsizlik, manfaat, pora, urush-nizo, adolatsizlik, xasislik, tuhmat, murosasizlik... Nima boʻlganda ham, insoniyat katta sinovni boshdan kechirayapti. Koronavirusdan vafot etganlar soni dunyo boʻyicha 50000 dan oshib borayapti. Rahmatki, mamlakatimizda unga qarshi bor imkoniyatlar koʻrilmoqda. Prezidentimizning murojaati xalqimiz ruhiyatini koʻtardi. Belgilangan choralar ogʻishmay amalga oshirilsa, hamjihatlik, jipslik, diyonat, eʼtiqod yurakdan boʻlsa, Alloh taolo mehribondir, baloni elimizdan, jahondan koʻtaradi.
Ehson-xayriya, sadaqa-raddi balodur deyishadi. Nazarimda, hamjihatlik, birdamlik, aytilganga rioya qilish ham baloni qaytaradi. Davlatimiz gʻaznasidan kambagʻallarga, yetim-yesirlarga, qariyalarga xayr-ehson uchun maxsus mablagʻlar ajratilmoqda. Saxovatpesha insonlarimiz ham oʻz imkoniyatlari darajasida xayr-ehsonlar qilmoqda. Ibn Battuta zikr etgani kabi Alloh taolodan bu baloni yurtimiz va jahondan dafʼ qilishni soʻrab din peshvolarimiz xatmi Qurʼon tilovat qilmoqdalar. Yaxshi niyatlar ila bu balodan qisqa fursatlarda forigʻ boʻlamiz, degan umiddamiz.
Olim RAVSHANOV,
Xalq deputatlari
Qashqadaryo viloyati
kengashi deputati