Hali bu kunlarni koʻrmaganday boʻlib ketamiz
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida yuz bergan falokat hech bir oʻzbekistonlikni befarq qoldirmadi.
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida yuz bergan falokat hech bir oʻzbekistonlikni befarq qoldirmadi.
Toshqindan zarar koʻrgan odamlarning mushkul ahvolini koʻrib qalblar larzaga keldi. Suv bosgan mahallalardan evakuatsiya qilingan aholi vaqtincha yotoq joyi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlandi. Ularga ichki ishlar boʻlimi xodimlari, shifokorlar, oshpazlar, koʻngillilar, qoʻyingki, barcha-barcha xizmat qildi.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning falokat sodir boʻlishi bilan Sirdaryoga yetib borgani, toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlariga shaxsan bosh-qosh boʻlgani davlatimiz rahbarining oʻz xalqi taqdiriga befarq emasligi, eʼtibor va gʻamxoʻrligining namunasidir.
Prezidentimiz uylari qulab tushgan sardobaliklar bilan uchrashib, “uyni ham qurib beramiz, molni ham topib beramiz. Jonlaring sogʻ boʻlsin”, deganida koʻzlarimizga beixtiyor yosh keldi. Xalqimizda “shoxiga ursang, tuyogʻi zirqiraydi” degan naql bor. Bu ofat nafaqat sirdaryoliklarning, balki, barchamizning boshimizga kelgan ofatdir. Buni his qilgan har bir yurtdoshimiz yordamga shoshilmoqda. Saxovatpesha insonlar, butun xalqimiz bir boʻlib suv toshqinidan aziyat chekkan yurtdoshlarimizga oʻzlarining koʻmaklarini yubormoqda.
Andijonliklar azaldan mard, tanti xalq. Borini hamisha doʻstlari bilan baham koʻrgan. Buni shuncha yil shu xalq, bagʻrikeng odamlar orasida ishlaganim, qolaversa, Andijon farzandi sifatida aytyapman. Andijon ahli oʻz yurtdoshi, doʻstu birodari tugul, begonaning qaygʻusiga ham befarq qarab turgan emas. Shu bois, andijonliklar sinovli kunlarda tabiiy ofatdan aziyat chekkan sirdaryolik yurtdoshlarimizga madad boʻlish, kulfatda aslo yolgʻiz emasliklarini his etishlari uchun birinchilardan boʻlib yordam yubordi. Bugungi kunga qadar viloyat hokimi rahbarligida kundalik oziq-ovqat mahsulotlari, issiq kiyim-bosh, roʻzgʻor buyumlari hamda qurilish materiallaridan iborat xayriya karvoni Sirdaryoga bir necha bor yuborildi.
Usiz ham sinovli kunlarni boshdan kechirayotgan xalqimiz bugun suv balosiday ofatga roʻbaroʻ keldi. Biroq, bunda ham bir hikmat, bu sinovning ham ajri bor. Biz sabr-qanoatli, eʼtiqodli xalqmiz. Boshimizga tushgan gʻam-kulfatlarda oʻzimizni yoʻqotmasdan, bosiqlik bilan yana-da jipslashib, hamjihatlik bilan ish koʻrsak, bu sinovlarni birgalikda yengamiz, albatta.
Sardobaliklar davlatimiz va saxovatpesha xalqimiz koʻmagida oʻz hayotlarini izga tushirmoqda. Uylariga qaytib, toshqindan talofat koʻrgan uylarini tiklash, yoʻllarni ochish, infratuzilmani izga tushirish uchun mehnat qilmoqda. Bugun ularga butun Oʻzbekiston madadkor.
Hali bu kunlarni koʻrmaganday boʻlib ketamiz. Ammo, ungacha sabrli, oqibatli, muruvvatli boʻlaylik, fazilatli ramazon oyida insonlarga imkon qadar yaxshilik qilishga intilaylik.
Manzuraxon EGAMOVA,
mehnat faxriysi, Oʻzbekistonda
xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi