Haftalikda rang-barang spektakllar namoyish etildi
Respublikamizda muntazam ravishda 21-27-mart kunlari o‘tkazib kelinayotgan “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida Buxoro viloyati musiqali drama teatrining spektakllari va teatrlashtirilgan konsert namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
“Qo‘hna va boqiy Buxoro” majmuasida boshlangan viloyat Navro‘z bayrami tantanalari teatr kunlari tadbiriga ulanib ketdi.

Teatr kunlarida tomoshabinlar kuy-qo‘shiqlar va havoda muallaq turuvchi darvishlar, teatr foyesida tashkil qilingan rassomlar ko‘rgazmasi bilan qarshi olindi.Sahna dekoratsiyalari va tarixiy spektakllar liboslari ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi.


–Haftalik davomida teatr san’ati muxlislari uchun Z.Soliyevaning “Xorijlik kelin yoxud buxorocha to‘y qilaman” komediyasi, Z. Ne’matning “Abdurauf Fitrat” spektakli, aka-uka Grimmlarning “Sohibjamol va Maxluq” spektakli R.Avezovning “Ho‘tikcha va Yo‘lbars” spektakli va maxsus konsert dasturlari namoyish etildi, –deydi teatr adabiy bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Mohigul Nazarova. –Tomoshabinlar spektakllarni tomosha qilib, ma’naviy hordiq chiqarishdi. Bunday tadbirlar ular dunyoqarashining o‘zgarishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri