Guterrish: Osiyo gullab-yashnashidan hammamiz yutamiz!
So‘nggi 30 yil davomida OHICHK qit’a davlatlari o‘rtasidagi yaqin muloqot uchun o‘ziga xos maydonga aylandi. Bu fikrni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida boshlangan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashining oltinchi sammiti ishtirokchilariga murojaatida bildirdi.
“Kazinform” xabariga ko‘ra, Guterrish o‘z chiqishida dunyo bo‘ylab o‘zaro ishonch, birdamlikka darz ketayotgani, turli nizolar natijasida geosiyosiy holat taranglashayotganiga alohida e’tibor qaratgan. Shuningdek, yuzaga kelayotgan inqiroz, ayniqsa, insoniyatning ehtiyojmand qatlamiga sezilarli zarba berib, qashshoqlik, ochlik chuqurlashishiga, ijtimoiy-siyosiy norozilik to‘lqini kuchayishgiga olib kelishi mumkin. Mana shunday o‘ta murakkab bir vaziyatda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish har qachongidan ham muhim.
«Kun tartibiga chiqayotgan yangi masalalar mintaqaviy tashkilotlar bilan izchil hamkorlikni, diqqatni mavjud muammolarga qaratishni taqozo etmoqda. Biz ayni holatga ustuvor ahamiyat berishimiz kerak. Shu ma’noda so‘nggi 30 yil davomida OHICHK qit’a davlatlari o‘rtasidagi yaqin muloqot uchun o‘ziga xos maydonga aylandi», - deyiladi, jumladan, Antoniu Guterrishning videokonferensiya shaklidagi murojaatida.
«Osiyoning gullab-yashnashidan hammamiz faqat yutamiz. Sizlarga o‘rnatilgan sheriklik uchun, umumiy maqsadimiz - barqaror rivojlanish, inosn huquqlari ta’minlanishi, tinchlik va barqarorlik, ko‘p tomonlama hamkorlik tamoyillarini ilgari surish yo‘lidagi sa’y-harakatlar uchun minnatdorlik bildiraman. Keling, davr oldimizga qo‘ygan sinovlardan birgalikda o‘tamiz, Osiyo va butun sayyoramiz uchun yorqin kelajakni yaratamiz. Bu yo‘lda barchalaringizga muvaffaqiyat tilayman», - deya qo‘shimcha qildi BMT Bosh kotibi.
Eslatib o‘tamiz, anjumanda 11 davlat - Ozarbayjon, Iroq, Eron, Qirg‘iziston, Falastin, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, O‘zbekiston, Qatar, Belarus rahbarlari ishtirok etyapti. Shuningdek, Ostonaga Vetnam vitse-prezidenti, XXR raisi o‘rinbosari va besh nafar vazir kelgan.
Darvoqe, sammit kun tartibidan Quvaytga OHICHKO a’zosi maqomini berish masalasi ham kiritilgan.
G‘.Xonnazarov tayyorladi.
O‘zA