Gulistonlik g‘allakorlarning yutug‘i
Sirdaryo vohasining Guliston tumani mirishkor dehqonlari g‘alladan yuksak xirmon yaratib, viloyatda birinchilardan bo‘lib zimmalaridagi vazifani sharaf bilan uddaladi.
Belgilangan marra juda qisqa muddatda, ya’ni 16 kunda zabt etildi. Joriy yilning 22 iyun holatiga davlat g‘alla xirmoniga 18 ming 632 tonnadan ziyod don topshirilib, shartnomaviy reja 100,1 foizga bajarildi. Har gektar maydondan o‘rtacha hosildorlik 70-80 sentnerni tashkil qildi.

–- Prezidentimizning tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ilg‘or islohotlar, don yetishtirishning klaster usuliga o‘tkazilgani, g‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyili joriy etilganligi, yerga, mulkka egalik hissi g‘allakorlarning moddiy manfaatdorligini yanada oshirdi. Qolaversa, gulistonlik mirishkorlarning yillar davomida to‘plagan tajribasini ilmiy asosda uyg‘un olib borayotgani muhim omil bo‘ldi, –deydi tuman hokimi O‘lmasjon Mamadaminov.
Zafar muborak bo‘lsin, gulistonlik g‘allakorlar!
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri