Gulistonda otlar kompozitsiyasi qad rostladi
Sirdaryo viloyatining markazi Guliston shahri so‘nggi paytlarda kundan-kunga chiroy ochib borayotganligi viloyat aholisiga ham quvonch bermoqda.
Shahar hududida birin-ketin barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylar, savdo majmualari, xiyobonlar va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari buning yaqqol misolidir. Endi shahar markaziga eltuvchi ko‘prik yonida yangi o‘rnatilgan otlar kompozitsiyasi shaharga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlab, aholi va viloyatga kelayotgan mehmonlarga manzur bo‘lmoqda.

Mazkur kompozitsiya shahar hokimi To‘lqinjon Dadabayev tashabbusi bilan “El-Aziz group” MCHJ qoshidagi “Art Millenium Classic” jamiyati tomonidan barpo etildi. Ushbu san’at asari 3 oy mobaynida, uch mohir usta qo‘l mehnati bilan yaratildi. Har bir otning umumiy vazni 10 tonnadan ziyoddir.
– Ot ramzi qadimdan baraka ma’nosini anglatadi, – deydi “El-Aziz” ta’sischisi A.Abduraxmonov. – O‘z navbatida “Yangi O‘zbekiston” barakali bo‘lsin va biz shunga intilaylik, degan maqsadda, aynan kishnab turgan otlarni poytaxtimiz tomon qaratdik.
Kelgusida Guliston shahrida yana bir yangi skulptura – sherlar haykali o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bo‘lg‘usi skulpturaning balandligi 5 metrdan iborat bo‘lib, otlarga nisbatan yangi rekord darajasini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA