Gulistonda kuchlilar bellashdi
Guliston shahri basketbol bo‘yicha erkaklar jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston Respublikasi kubogi bahslariga mezbonlik qildi. Sirdaryo viloyati Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining zamonaviy sport majmuasida o‘tkazilgan musobaqada mamlakatning eng kuchli jamoalari bosh sovrin uchun o‘zaro kuch sinashdi.
Nufuzli turnir davomida Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlari hamda boshqa hududlar vakillari g‘oliblik uchun murosasiz bahs olib borishdi. Har bir uchrashuv yuqori sur’at, keskin kurash va muxlislarni hayajonga solgan qiziqarli vaziyatlarga boy bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Samarqand viloyati jamoasi O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘ldi. Toshkent viloyati basketbolchilari ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, musobaqa mezboni Sirdaryo viloyati jamoasi munosib o‘yin namoyish etib, faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa davomida ishtirokchilar nafaqat yuqori sport mahoratini, balki jamoaviy o‘yin, tezkor qaror qabul qilish va g‘alaba uchun kurashish irodasini ham namoyon etishdi. Uchrashuvlarni kuzatgan sport ixlosmandlari ta’sirchan kombinatsiyalar, uzoq masofadan aniq tashlangan to‘plar va keskin raqobat muhitining guvohi bo‘lishdi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday musobaqalar basketbolni ommalashtirish, iqtidorli sportchilarning mahoratini oshirish, hududlar o‘rtasida sport aloqalarini mustahkamlash hamda mamlakat terma jamoasi uchun munosib zaxira tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Guliston shahrida yuqori saviyada tashkil etilgan O‘zbekiston kubogi bahslari yana bir bor yurtimizda basketbolga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini namoyon etdi. Turnir esa sportchilar uchun katta tajriba maktabiga, muxlislar uchun esa haqiqiy sport bayramiga aylandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri