Gulistonda Do‘stlik festivali
Xalqlar Do‘stligi kuni oldidan Sirdaryo viloyati hokimligi va hamkor tashkilotlar tomonidan do‘stlik festivali o‘tkazildi. Unda 1000 dan ziyod Sirdaryoda yashayotgan turli millat va elat vakillari, milliy madaniy markazlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Festival doirasida xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, yurtimizning betakror tabiati, millatlararo do‘stlik, turli millat vakillarining yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi aks etgan tasviriy san’at asarlari, milliy taom va liboslar, hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Shuningdek, milliy madaniy markazlar badiiy jamoalarining mustaqillikni, tinchlik, do‘stlik, yoshlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari yangradi, taniqli xonandalar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Festivalda Sirdaryo viloyati xokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
[gallery-12960]
–Viloyatda 70 dan ortiq millat va elat vakillaridan iborat bo‘lgan 900 mingga yaqin vohadoshlarimiz hozirda tinch-totuv, ahil va inoq bo‘lib istiqomat qilmoqda. Ularning ko‘pchiligi o‘tgan asrda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi Jahon urushi davrida Vatanimizga evakuatsiya qilinganlarning, ko‘hna Mirzacho‘lni bog‘u-bo‘stonga aylantirishga safarbar etilgan turli millat vakillarining farzandlari, avlodlaridir. Ular ham kindik qonlari to‘kilgan O‘zbekistonimizni,Sirdaryomizni chin ma’noda o‘z Vatanlari deb biladilar.Yurtimizda o‘tkazilayotgan bunday Do‘stlik festivallari qardosh millatlarni yanada mehr-oqibatli, bir tanu bir jon bo‘lib umrguzaronlik qilishlariga xizmat qiladi, –dedi viloyat hokimi o‘z nutqida.
– Sobiq Ittifoq davrida institut yo‘llanmasi bilan Ozarbayjondan Guliston shahriga ishga yuborilganman, – deydi Respublika Ozarbayjon Milliy madaniy markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari, O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlarining "Do‘stlik" ordenlari sohibi, taniqli shoir Ali Nasirli. – Ko‘p mamlakatlarda bo‘lib o‘zbek xalqidek tanti, mehmondo‘st, mehnatkash xalqni uchratmadim. Yozgan she’rlarimda ham asosan o‘zbek xalqini yuksak insoniy fazilatlarini, abadiy do‘stligimizni tarannum etganman.
Mamlakatimiz miqyosida o‘tkazib kelinayotgan Do‘stlik festivallari barcha qardosh yurtdoshlarimizni bir birimizga bo‘lgan muhabbatimizni, sadoqatimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuhrat Suyarov, Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA