"Gulf Times" nashri O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida material chop etdi
Qatarning "Gulf Times" nashri Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari, tarixiy obidalari va mehmondo‘stlik an’analariga bag‘ishlangan post joylandi.
Materialda chet ellik sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi ortayotgani alohida qayd etiladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentabr davrida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 10,3 million nafardan ziyod chet el fuqarosi tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 1,7 millionga ko‘pdir.
Xususan, Yaponiyadan kelayotgan sayyohlar oqimi 1,5 barobarga, AQSHdan — 1,4 barobarga oshdi. Germaniya va Buyuk Britaniyadan keluvchilar soni 25% ga, Fransiyadan — 21% ga, Turkiyadan — 15% ga ko‘paydi.
Hisobot davrida sayyohlik xizmati eksporti 5,3 milliard AQSH dollariga yetdi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA