Gretsiya “misli ko‘rilmagan” falokat bilan kurashmoqda
Kecha Gretsiyaning Afina shahri yaqinidagi bir necha mahallada halokatli va tez tarqaladigan o‘rmon yong‘ini avj olib, mamlakat ko‘p qirrali qutqaruv ishlarini boshlab yubordi.
Alanga poytaxt shimolidagi Varnavas shahri yaqinida boshlangach, Milliy yong‘in xizmati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi kichikroq nuqtalarni o‘chirishga erishdi.
Mahalliy “ERT” telekanali xabariga ko‘ra, Afinadan 8 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Chalandri shahridagi bino ichidan kuygan tanalar topilgan.

Ayni payt yong‘inni bartaraf etish uchun 200 ga yaqin o‘t o‘chirish mashinasi va 35 ta suv purkagich samolyot safarbar etilgan. Shuningdek, Fransiya, Italiya, Chexiya, Serbiya, Ruminiya va Turkiyadan yordamchi kuchlar qutqaruv ishiga ko‘maklashyapti.
– Yong‘in tezligi yuqoriligi va kuchli shamol sabab vaziyat yanada taranglashmoqda, – dedi mamlkat iqlim inqirozi va fuqaro muhofazasi vaziri Vassilis Kikilias.

Televideniye yangiliklar dasturi yong‘in uylar yaqinida davom etayotganini namoyish qilgan. Ba’zi hovlilar butunlay yonib ketgan, lekin ayrimlar yashash joyini tark etishga shoshilmayapti. Aksincha, ko‘pchilik uyini saqlab qolishga urinyapti.

Rasmiylar dushanba kuni o‘rmon yong‘ini Afinadan 16 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Penteli tomon “katta tezlik” bilan o‘rlayotganidan ogohlantirdi. Tog‘ etagida joylashgan bu hududning asosiy qismi o‘rmon bilan qoplangan.

– Afsuski, olov 1842 yil ochilgan Milliy observatoriya instituti binosiga ham xavf tug‘dirdi, – deydi mustaqil tadqiqotchi Teodor Jannaros.

O‘lkada iyun-iyul oylarida rekord darajada issiq kuzatilli. Hukumat bu yoz o‘n martalab ofatga qarshi kurashdi. Jazirama payti Gretsiyada o‘rmon yong‘ini tez-tez uchrasa-da, iqlimshunoslar ta’kidlashicha, global isish va quruq ob-havo o‘tni yanada avj oldirgan.

Mahalliy aholi dahshatli va tilsiz yovdan qochish uchun kurashayotgan hayvonlar taqdiridan xavotirda. Rasmiylar ittifoqchilarni qutqaruv ishida mamlakatni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

– Xudoning rahm-shafqatidan umidvormiz, – deydi mahalliy aholi vakili yunon telekanaliga bergan intervyusida.
Bir chorvador esa 100 bosh echkisi va itlari taqdiridan xavotirda.
– Jonivorlarim jon berayotganini eshitdim, – dedi u chuqur qayg‘u bilan.
– Vaziyat juda og‘ir, olov na’ra tortayotganga o‘xshaydi, – deydi holdan toygan o‘t o‘chiruvchi televideniye muxbiriga.
“Reuters” axborot agentligi xabar berishicha, bir fuqaro yong‘indan qochishga urinib, mashinasini qarag‘ay daraxtiga urgan.
– Bo‘g‘uvchi tutun sabab, yo‘lda hech nimani ko‘rolmadim, ko‘zlarim yoshlandi, hatto nafas olishga qiynaldim, – deydi u qonayotgan tirsagini ko‘rsatib.
Shu kunlarda sog‘liqni saqlash va favqulodda vaziyatlar xodimlari kuygan, nafas yo‘li a’zolari jarohatlangan 13 fuqaro va ikki o‘t o‘chiruvchiga tibbiy yordam ko‘rsatishdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Adonis Jorjidis so‘zlariga ko‘ra, Penteli shahridagi kasalxonadan o‘nlab bolalar evakuatsiya qilingan. Ayrim turar-joy binolaridan ham aholi ko‘chirilishi talab qilindi.
Gretsiyadagi ayni vaziyat bu yil ham o‘tgan yozdagidek kuchli yong‘in takrorlanishi mumkinligiga ishora qilmoqda. O‘shanda olov bir necha orol, jumladan “Afina o‘pkasi” nomli yirik o‘rmonli milliy bog‘ni qamrab olgan edi.
“CNN” xabar berishicha, so‘nggi payt Gretsiyada g‘oyib bo‘lganlar soni ko‘payishi ham haddan tashqari issiq bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Sababi, iyun oyida bir necha sayyoh sayrga chiqqach, yo‘qolgan va keyinchalik mamlakatning boshqa hududlarida jonsiz holda topilgan.
O‘tkir Alimov, O‘zA