“Green University” huzurida har bir hududda yashil texnikumlar ish boshlaydi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida 12-may - Ekologik ta’lim kuniga bag‘ishlab, respublikada “yashil” texnikum faoliyatini yo‘lga qo‘yish va sifatli ta’lim tizimini joriy qilish, xalqaro standartlarga moslashtirish kabi masalalarga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Ta’kidlash joizki, mavjud qonunchilikka muvofiq, 2026–2027-yillarda respublikaning 14 hududida bittadan texnikum “yashil” texnikumlarga aylantiriladi.

Bu texnikumlarda 2026/2027 o‘quv yilida 5 ming nafar, 2027/2028 o‘quv yilida 7 ming nafar hamda 2028/2029 o‘quv yilida 10 ming nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash maqsad qilingan.
—“Yashil” texnikumlar — mamlakatimizda ekologik madaniyat, yashil iqtisodiyot va iqlim barqarorligini ta’minlaydigan yangi avlod kadrlarini tayyorlash tizimi, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. — Avvalo, texnikumlarda o‘quv dasturlarini qaytadan ishlab chiqib, xalqaro standartlarga moslashtirish lozim.

Yig‘ilish davomida texnikumlarda zamonaviy texnik va sohaga oid ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan muhim masalalarga e’tibor qaratildi.
Texnikumlarda kadrlar tayyorlashda har bir hududning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlari hisobga olinishi, bu respublika miqyosida sohaga ixtisoslashgan, o‘z hududining ekologik jihatlarini chuqur o‘zlashtirgan kadrlar yetishib chiqishini ta’minlashi qayd etildi.
Shuningdek, Andijon, Buxoro, Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridagi “yashil” texnikumlarda “in-vitro” laboratoriyalarini tashkil etish, dual ta’lim tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish, Markaziy Osiyo va boshqa xorij davlatlari o‘quvchilari uchun kvotalar ajratish, “yashil” texnikum o‘quvchilari uchun o‘zlariga tegishli bino va inshootlarda, hududlarda amaliyot uchastkalarini shakllantirish, sohaviy malaka oshirishlarni tashkil etish tizimini yo‘lga qo‘yish va boshqa muhim masalalar borasida vazifalar belgilab berildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, universitetning birinchi bosqichida o‘qitiladigan mutaxassislik fanlari “yashil” texnikumlarning ikkinchi bosqich o‘quv dasturlariga maxsus kurs sifatida kiritiladi, texnikumlarni muvaffaqiyatli bitirgan ingliz tilidan V2 darajaga ega bo‘lgan bitiruvchilarga universitet tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning ikkinchi bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari “Green University” va “yashil” texnikumlarda tahsil oluvchilar uchun o‘rmon xo‘jaliklari, gidrometeorologiya stansiyalari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindi poligonlari, botanika va dendrologiya bog‘lari, zooparklar, Botanika va Zoologiya institutlarida amaliyot uchastkalari tashkil etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab “Eko-stipendiya” ta’sis etiladi va har yili 10 nafargacha iqtidorli o‘quvchilarga stipendiya to‘lanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA