G‘oyib bo‘lgan eshon haqida eshitganmisiz?
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida joylashgan Imom ota ziyoratgohi mahalliy va xorijiy ziyoratchilar va sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelayotgan muqaddas qadamjolardan.
Tarixiy manbalar va nasabnomada keltirilishicha Imom ota Islomning buyuk va afsonaviy sarkardasi Hazrati Ali karamolloxu vajxaxuning bani Hanifa qabilasiga mansub Bibi Hanifa ismli ayolidan tug‘ilgan farzandi bo‘lib, asl ismi Muhammad al-Hanafiyadir. Muhammad al-Hanafiya yoshligidanoq islomni, Qur’oni Karim va Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarini yaxshi bilgan ilm sohibi va jang san’atini egallagan jasur sarkarda bo‘lib ulg‘ayadi. U xalifa Usmon (r.a.)ning qizi Bibi Shamsiyaga uylanib, xalifaning kuyovi sifatida ham alohida maqom va martabaga sazovor bo‘lgan.
Tarixdan ma’lumki, Hazrati Ali va uning avlodlariga nisbatan musulmon ahlining hurmati juda yuqori bo‘lib, aziz va karomatgo‘y zotlar, deya e’tirof etilgan. Ana shunday aziz zotlardan bo‘lgan Muhammad Hanafiya ham akalari – Imomi Hasan va Imomi Husaynlar vafotidan so‘ng, islomni Xuroson va Movarounnahr bo‘ylab yoyish va mustahkamlanishida ulkan hissa qo‘shgan tarixiy shaxsdir.
Ul zot haqida o‘nlab rivoyatlar bizgacha yetib kelgan. Xalq ichida u Imom ota, Bobo Xuroson ota, Xo‘ja Ilg‘or, Xo‘ja Abdulqosim kabi ismlari bilan mashhur bo‘lib, ko‘hna Movarounnahr hududida Muhammad Hanafiyaga nisbat berilgan o‘ndan ziyod ziyoratgohlar bor.
U milodiy 700 yilda vafot etgan. Asli qabri esa Fors qo‘ltig‘idagi Tus shahrida. Rivoyatlarda aytilishicha Muhammad Hanafiya onasini qaramog‘ida, otasini tanimay ulg‘ayadi. Ulg‘aygach, otasini izlab yo‘lga chiqadi. Taqdir taqozosi bilan tanimagan holda avval akalari Imomi Hasan, Imomi Husaynlar bilan kurash tushib ularni yengadi. So‘ng otasi Hazrati Ali (k.v.) bilan uzoq kurashadi va Hazrati Alining ko‘zi raqibi bo‘ynidagi o‘zi bir vaqtlar Bibi Hanifaga nishona sifatida bergan tumorga tushadi. Shu tariqa ota-bola topishadi. Biroq, Hanafiya o‘z otasi bilan kurashganligini bilgach, o‘zini gunohkor va sharmanda biladi va orqachasiga otga minib shu ketganicha bu yurtlarga kelib qolgan. Tog‘ bag‘ridagi g‘orga kirib g‘oyib bo‘lgan. Shu bois u el orasida “G‘oyib bo‘lgan Eshon” yoxud “Yashiringan Eshon” nomini ham olgan.
Imom Hanafiya xalifa Abdulmalik (685-705) davrida kuchaygan adolatsizlik, zulmkor siyosatga qarshi shar’iy hukmlar bilan xalq manfaatini himoya qilib, xalifalikning da’vogarlaridan biri bo‘ladi. Movarounnahr , Xuroson ahlini chinakam islomiy yo‘lboshchisiga aylanadi. Dastlabki yillar islomni qabul qilgan mahalliy aholi turli to‘lov va soliqlardan ozod qilingan bo‘lib, u bosh imom sifatida soliq tizimini ham o‘z nazoratiga oladi va fuqarolar huquqini himoya qilib chiqadi. Keyinchalik u barcha amallarini tark etib tog‘u toshlarga chiqib ketadi, tog‘li o‘lkalarda bog‘lar, yangi va obod go‘shalar barpo etadi, o‘zi tunu kun ibodatda bo‘ladi va avliyolik maqomini oladi. Imom ota (Tosh ota) qishlog‘i shunday maskanlardan biri bo‘lishi mumkin. Chunki Qo‘qon xonligi qozilar yig‘ilishi tomonidan XIX asr o‘rtalarida berilgan vasiqanoma bu yerlar Imom Hanafiya avlodlariga daxldorligini tasdiqlaydi.
Imom ota ziyoratgohi 1982 yilda me’moriy obida sifatida davlat muhofazasiga olingan. 2006 yilda esa “Diqqatga sazovor joy” madaniy meros ob’ekti sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
[gallery-2242]
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA