G‘oya, tashabbus va amaliy natija bir maydonda uyg‘unlashdi
Sirdaryo viloyati yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda inklyuziv muhitni rivojlantirishga qaratilgan “VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohi Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Zomin Sunrise” bolalar yozgi oromgohida yuqori saviyada tashkil etildi. Uch kun davom etgan ushbu loyiha nafaqat o‘quv-amaliy maydon, balki yoshlar uchun o‘zini namoyon etish, erkin fikr bildirish va yangi do‘stlar orttirish imkonini yaratgan muhim ijtimoiy platformaga aylandi.
Oromgohning ilk kuni ishtirokchilarni kutib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari bilan boshlandi. Samimiy va do‘stona muhit yoshlarning bir-biri bilan tezda yaqinlashishiga xizmat qildi. Shuningdek, ular ijtimoiy himoya tizimida faoliyat yurituvchi tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Rasmiy ochilish marosimida oromgohning maqsad va vazifalari, dasturi hamda ishtirok qoidalari haqida batafsil ma’lumot berildi, ishtirokchilar mentorlar bilan tanishtirildi.

Kunning ikkinchi yarmida o‘tkazilgan mazmunli treninglar yoshlarda muhim bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi. Xususan, “Ijtimoiy himoya sohasida davlat siyosati” mavzusidagi mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga inklyuziv ta’lim, “kambag‘allik reyestri”, bolalar huquqlari va ularni himoya qilish mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha milliy strategiya muhokama qilinib, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Psixologik mashqlar va rolli o‘yinlar orqali ishtirokchilarning jamoada ishlash, muloqot qilish va o‘zaro tushunish ko‘nikmalari yanada mustahkamlandi.
Ikkinchi kun “g‘oyalardan amaliy loyihalarga” tamoyili asosida boshlandi. Ishtirokchilar o‘z tashabbuslarini aniq loyihalarga aylantirish ustida ishladilar. Mentorlik sessiyalari davomida loyiha tayorlash va uni rivojlantirishning muhim bosqichlari — maqsad va vazifalarni belgilash, kutilgan natijalarni aniqlash, resurslarni rejalashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng yoshlar guruhlarga bo‘linib, bolalar kambag‘alligi, xavfsiz bolalik, inklyuziya va volontyorlik kabi dolzarb yo‘nalishlarda ish olib bordilar. Qizg‘in muhokamalar va jamoaviy ish jarayonida qator innovatsion g‘oyalar ilgari surildi. Kunning eng muhim qismi — loyihalar taqdimoti bo‘lib, ishtirokchilar o‘z ishlanmalarini ekspertlar va mentorlar oldida himoya qilib, amaliy tavsiyalar oldilar. Kechga yaqin tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini esa nafaqat bilim sinovi, balki jamoaviy ruhni mustahkamlovchi, ishtirokchilarni yanada yaqinlashtiruvchi qiziqarli jarayon bo‘ldi.
Oromgohdagi uchinchi kuni eng muhim va mazmunan boy bosqichlardan biri sifatida yodda qoldi. An’anaviy nonushtadan so‘ng ishtirokchilar “Bolalarning buguni va kelajagini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbus va yechimlar” mavzusida ochiq muloqotda ishtirok etdilar. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi.

Muloqot davomida ishtirokchilar o‘z loyihalarini taqdim etib, bolalar farovonligi, xavfsizligi va inklyuziv jamiyatni rivojlantirishga qaratilgan takliflari bilan o‘rtoqlashdilar. Bu jarayon yoshlarning ovozi eshitilayotgani va ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotganining amaliy ifodasi bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilarga mutaxassislar tomonidan qimmatli maslahat va tavsiyalar berildi.
Loyihani amalga oshirish jarayoni ham izchil va bosqichma-bosqich tashkil etildi. Avvalo, maxsus ishchi guruh shakllantirilib, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Shundan so‘ng tuman va shaharlarda keng qamrovli targ‘ibot ishlari boshlandi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali mahallalardagi ijtimoiy xodimlar yordamida yoshlarga loyiha mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan yoshlar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Natijada viloyat bo‘yicha 77 nafar yosh “VoiceUp” platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tdi. 2026-yil 6-mart kuni nomzodlar bilan suhbat jarayonlari o‘tkazilib, saralash ishlari ochiq va adolatli tamoyillar asosida amalga oshirildi. Yakunda eng faol va tashabbuskor 50 nafar yosh ishtirokchi saralab olindi.

– “VoiceUp – 2026” loyihasi yoshlarni faqat ishtirokchi emas, balki jamiyatdagi muammolarga yechim taklif qiluvchi faol kuch sifatida shakllantirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. “Bu tashabbus yoshlarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, ularni dolzarb masalalarga befarq bo‘lmaslikka undashga qaratilgan. Eng muhimi, yoshlar o‘z fikrini erkin bildirish, g‘oyalarini takomillashtirish va amaliy loyihalarga aylantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Chunki aynan shunday inklyuziv yondashuv orqali jamiyatda teng imkoniyatlar muhitini shakllantirish mumkin, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasining Bolalarni ijtimoiy himoya qilish shu’basi bosh mutaxassisi Begoyim Xolbekova.
Tadbir yakunida ishtirokchilar taqdirlanib, ularga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Norasmiy muloqotlar, fikr almashish jarayonlari, xotira uchun foto va videolar oromgoh ishtirokchilari uchun unutilmas lahzalarni yaratdi. Eng muhimi, yoshlar bu yerda orttirgan bilim, tajriba va do‘stliklar ularning kelgusi faoliyatida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
“VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohi — bu shunchaki tadbir emas. Bu — yoshlarning ovozi eshitilgan, ularning g‘oyalari rag‘batlantirilgan va kelajakka bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlangan ijtimoiy maydondir. Ushbu tashabbus yoshlarning faolligini oshirish, ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirish va inklyuziv jamiyatni barpo etish yo‘lida muhim qadam sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri