G‘ova – kartoshkachilik bilan tanilgan qishloq
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatining Chust tumani dehqonchilik, ayniqsa kartoshka yetishtirish borasida mamlakatimizda o‘ziga xos tajribaga ega hududlardan biri hisoblanadi. Tumandagi 15 ta mahallada kartoshkachilik asosiy yo‘nalish sifatida rivojlantirilgan bo‘lib, ayni paytda 5 ming 295 ta xonadon tomorqasida ushbu ekin parvarishlanmoqda. Dehqonlar har 10 sotix yerdan o‘rtacha 4-5 tonnadan hosil olmoqda.
Qurama tog‘lari etaklarida joylashgan G‘ova qishlog‘i Namangan shahridan qariyb 60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uzoq hududda joylashganiga qaramay, bu yer aholisi mehnatsevarligi va omilkorligi bilan ajralib turadi. Qishloqda yetishtirilayotgan kartoshka nafaqat ichki bozorga, balki eksportga ham yo‘naltirilmoqda.
[gallery-30011]
Mahalliy aholi yil davomida o‘rtacha 20 ming tonna atrofida kartoshka yetishtirib, yuqori hosildorlikka erishmoqda. Buning zamirida ko‘p yillik tajriba, yerdan unumli foydalanish va zamonaviy agrotexnik tadbirlarga amal qilish muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, adir va tog‘ oldi hududlarining o‘zlashtirilishi kartoshkachilik maydonlarini kengaytirish imkonini bergan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, hududning tabiiy iqlim sharoiti va tuproq tarkibi kartoshka yetishtirish uchun juda qulay hisoblanadi.
Qishloqning tajribali dehqonlaridan biri Habibulla Yo‘ldoshev ko‘p yillardan buyon kartoshkachilik bilan shug‘ullanib keladi. U yer tanlash, urug‘lik saralash, sug‘orish va hosilni saqlash borasidagi bilim va tajribasini yosh avlod bilan baham ko‘rmoqda.
— Qishlog‘imiz tog‘li hududda joylashgan bo‘lib, aholining aksariyati tomorqasida kartoshka yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Mo‘l hosilning asosiy omili yerga mehr berish, mahalliy o‘g‘itlardan samarali foydalanish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishdir, - deydi Habibulla Yo‘ldoshev.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA