G‘oliblik zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi
Andijonda “Ishbilarmon ayol – 2023” respublika ko‘rik-tanlovining tuman, shahar bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayniqsa, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” tanlovi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.

O‘zLiDEP Andijon viloyati va tumani kengashlari hamkorligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda tadbirkor, fermer hamda hunarmand xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda sektorlar doirasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 25 nafar ishbilarmon ayol o‘zlarining faoliyatiga oid hujjatlar, ko‘rgazmalar bilan ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, belgilangan shartlar asosida eng yuqori baho olgan tumanning Navro‘z mahallasida faoliyat yuritayotgan dekorativ sun’iy gullar ustasi, hunarmand Gullolaxon Mahkamova g‘olib deb topildi.
– Men kabi ko‘plab tadbirkor opa-singillarimizga rag‘bat berayotgan ushbu tanlovda g‘olib bo‘lganimdan behad mamnunman, – deydi G. Mahkamova. – Ushbu muvaffaqiyat, g‘oliblik zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Endi yanada faol bo‘lishga, tanlovning viloyat bosqichida ham g‘oliblar qatoridan joy olishga astoydil harakat qilaman.

Tanlovda hunarmand chevar Dilnozaxon Mirzayevaga ikkinchi o‘rin, kosibchilik yo‘nalishida ish olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Mahmudaxon Mathakimovaga uchinchi o‘rin nasib etdi. Shuningdek, tanlovda qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA