G‘oliblar mamlakat bosqichida qatnashadi
Andijonda futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqasining viloyat bosqichi o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Musobaqaning tuman va shahar bosqichlarida viloyatdagi 900 ga yaqin mahalla jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi. Viloyat bosqichida esa tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar qatnashdi.
Qiziqarli, murosasiz bahslar asosida o‘tgan musobaqaning viloyat bosqichi o‘yinlari finalida Andijon tumani Poloson mahallasining “Poloson” hamda Oltinko‘l tumani Mirobod mahallasining “Mirobod” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Viloyatning bosh futbol maydoni “Bobur arena”da bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvda “Poloson” jamoasi ko‘plab golli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. Biroq, raqib jamoa himoyada jonbozlik ko‘rsatib, ana shu vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi. Himoyaviy o‘yin namoyish etgan mirobodliklar qarshi xujumlardan unumli foydalanishga harakat qildi. Ushbu taktika jamoaga omad keltirdi.
[gallery-13040]
Ana shunday qarshi xujumlarning birida “Mirobod” jamoasi vakillari hisobni ochdi va ushbu hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi. Shunday qilib, raqibidan 1:0 hisobida ustun kelgan “Mirobod” jamoasi futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqasi viloyat bosqichida 1-o‘rinni egallab, musobaqaning respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
DXX kubogi uchun mini futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada esa Izboskan tumani Gurkirov mahallasining “Gurkirov” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Futbol va mini futbol bo‘yicha DXX kubogining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda o‘z davrining mashhur futbol yulduzlaridan biri Odil Axmedov ishtirok etdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA