GOHIDA SUDRALGAN – CHOPGANDAN YAXSHI yoxud urushdan urushning farqi
Yana bir oydan soʻng Ikkinchi jahon urushi tugaganiga yetmish besh yil toʻladi.
Yana bir oydan soʻng Ikkinchi jahon urushi tugaganiga yetmish besh yil toʻladi. Bugungi kundan turib nazar tashlasangiz, ancha olis bir davrday. Vaholonki, bu qirgʻinbarotda ishtirok etib sogʻ-omon yurtiga qaytgan, bir asrlik uzun umr koʻrish taqdiriga bitilgan tabarruk otaxonlardan ancha-munchasi oramizda bor hali.
Albatta, yillar bir-birini quvalab oʻtib boryapti, bizga oʻsha qonli muhoraba esdaliklaridan hikoyalar aytadigan nuroniy insonlar ham taqdiri azal hukmiga bosh egib, diydorni qiyomatga qoʻyib, davralarimizni birin-sirin tark etishyapti. Ularning urush xotiralari esa, teranroq nazar tashlasangiz, sarguzashtlar bayoni, fidoyilik qissalarigina boʻlib qolmay, koni ibrat, ertangi kun uchun saboqlar ham ekani ayon boʻladi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, atoqli adabiyotshunos olim Matyoqub Qoʻshjonov domla urushda mergan boʻlib xizmat qilgan. Chunki koʻzi yoshligida nihoyatda oʻtkir boʻlgan ekan. Oʻzining aytishicha, bolalik chogʻida dalada qoʻy boqayotib, qoq tush mahali ham oʻt ustida chalqancha yotib koʻkka tikilgan mahali yulduzlar koʻziga elas-elas chalinar, bir necha chaqirim uzoqdagi tepalikda yugurib oʻtgan tulkini esa yonginasida turganday koʻrar ekan. Shuning uchun ham qiragʻay mergan Matyoqub Qoʻshjonovga snayperlar miltigʻi berilgan, u alohida topshiriqlarni bajarishga yoʻllangan.
1980-yillarda domla Til va adabiyot institutining direktori sifatida biz yosh olimlar paxta terayotgan Quyichirchiq tumaniga borib, ancha hangomalashgan, oʻshanda sinchkov boʻlish va qanoat qilish nafaqat olim uchun fazilat, balki har qanday odam uchun hayotiy zarurat ekanini aytgan edi.
“Goho tepamizdan dushman samolyoti oʻtib fugas bobma tashlar, yerdagi odamlardan ancha-munchasi bomba tushib portlagan joyga yaqin boʻlgani uchun oskolka tegib oʻlar, yo yarador boʻlar edi. Lekin qayoqqa qochish kerakligini kim biladi? Ehtimol, siz qochib borayotgan tomonga tushar? Bora-bora sinchiklab kuzatib, bomba yaqin yerga tushadigan boʻlsa, osmondan xira yiltirab tushib kelayotganini, yerga yana-da yaqinlashganda esa mudhish bir tovush chiqarib shuvillashni bilib oldik. Oʻsha mahalda ham qochmay tura berganlarning koʻpi nobud boʻlardi. Nariga qochgan odamlar esa, har holda, biroz kamroq talofat koʻrardi... Oʻshanda bildimki, jon saqlash uchun ham farosat kerak ekan”.
Ammo urush, oʻz oti bilan urush. Matyoqub aka xizmat qilgan harbiy qismni bir gal fashist boʻlinmalari qurshab oladi. “Yov bizni har tarafdan oʻrab olgan edi, – deb hikoya qilgan edi domla yana. – Faqat bir katta tepalikdan oshib oʻtibgina qurshovni yorib chiqib ketsa boʻladi. Ammo nemislar bu tepalikka ham hech kimni yaqin yoʻlatmayapti, kimda-kim tepalikda paydo boʻlsa, ikki qadam yurgunicha ham boʻlmay otib yiqitishyapti.
Nima qilish kerak? Qurshov halqasi tobora torayib, atrofda xatar ortib borar edi. Komandirimiz hammani boyagi tepalikka boshladi, ustiga chiqqanda bosh koʻtarmay emaklab oʻtishni buyurdi. Faqat shundagina oʻqqa uchmay, narigi yoqqa oʻtib olishimiz, qurshovdan qutulib ketishimiz mumkin edi. Ammo bu emaklash degani tizzalab, qoʻlga tayanib yurish emas, chuvalchang kabi sudralish edi. Yotib, yuzingizni yerga qoʻyib, terga pishib, har daqiqada bir-ikki metrcha jilish edi, xolos.
Shunda ayrimlar nima qilishdi, deng! Nemis hali menga miltigʻini toʻgʻrilagunicha besh-olti metr yerga chopib borib yana yotib olaman, degan oʻyda, joni qiynalganiga chidamay, besabrlik bilan irgʻib oʻrnidan turib, chopib qolishdi. Ammo ularning oʻylagani boʻlmadi, nemis merganlari shay turgan ekan, kimki xiyol koʻzga koʻrindi deguncha qars etib otib tashlay berdi. Koʻp yigitlar oʻsha tepalik ustida, betoqatlik qilgani uchun jonidan ayrildi...
Men nima uchun sizlarga bu gaplarni aytyapman? Ilm – ana shunday ogʻir sinov yoʻli. Unga chidagan, sabr-qanoat bilan oldinga ilgarilagan koʻzlagan marrasiga yetadi. Besabr odam esa bir necha yillik mashaqqatlarga chidamaydi-da, tashlab ketadi”.
...Domlaning naqd qirq yil avval aytgan bu gaplari bugun nega yodimga tushib qoldiykin?
Albatta, avvalo – buyuk gʻalabaning yetmish besh yillik kunlari yaqin qolgani uchun boʻlsa kerak. Oʻsha qirgʻinbarotda biron yaqini qatnashmagan yo nobud boʻlmagan oila yoʻq yurtimizda.
Qolaversa, u-ku, har holda, ochiq-oydin bir urush edi, odamlar bir-biriga qurol oʻqtalib qon toʻkishgan, ammo bugun butun dunyoda boshlanib ketgan jangning vahshati, dangal aytganda, undan yomonroq – koʻzga koʻrinmas yov bilan muhoraba olib borilyapti. Bitta gugurt donasining uchiga minglab donasi sigʻadigan mitti koronavirus balosi tufayli hamma uy-uyiga qamalgan, samolyotlar uchmaydi, poyezdlar toʻxtagan, avtomashinalar siyrak. Odam qoʻshnisinikiga ham kira olmaydi. Shunday qilmagan – bosh koʻtarib yura bergan odamni bu mitti balo muqarrar yiqitadi, koʻzga koʻrinmay turib oʻq otadi va nobud qiladi. Bu narsa bugun hatto yosh bolalarga ham ayon.
Boz ustiga, Qoʻshjonov domla aytgan bu “bosh koʻtarmay ilgarilash” endigi vaziyatda bir necha soatlik emas, bir necha oylik boʻlishi ham mumkin.
Ana shunday ogʻir, tahlikali pallalarda yaqindagina olgan mashinasini gʻizillatib mingisi, yangi moda boʻlgan koʻylagini kiyib yayragisi kelgan baʼzi odamlarning besabrliklari toʻgʻrisida eshitib turibmiz. Qanday qilib boʻlsa-da, karantin majburiyatlaridan “ozod” boʻlishni istayotganlar oramizda anchagina ekan. Undaylarning oʻz joninigina emas, boshqalarni ham xatarga qoʻyishdan tap tortmayotganini koʻrib, hayron boʻlasan kishi.
Kamina undaylarni insofsiz odamlar deya olmayman. Insof boʻlishi uchun aql, farosat boʻlishi kerak. Qanoat, sabr degan narsalar ham es-hushi joyida kishida boʻladi. Faqat karantinni bajo qilib, xudodan rajo qilibgina bu ofatdan qutula olamiz.
Boʻlmasa, boyagi tepalikda jasadi qolib ketganlar qatoriga yana koʻplar qoʻshiladi. U jangchilar, ehtimol, yuztacha boʻlgandir, ammo endigi besabrlar kasriga yuz minglab odamlarning aziz hayoti garovga tikilmasin, deymiz.
Zuhriddin Isomiddinov