Go‘zallik sanoati namoyishi
“O‘zekspomarkaz”da 8-oktabr kuni “Beauty Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
“O‘zekspomarkaz”da 8-oktabr kuni “Beauty Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlar ko‘magida ITE Uzbekistan xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan va yuksak samaralar berayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida parfyumeriya, kosmetika va gigiyena tovarlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2009-yil 1-dekabrdagi “Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi kompaniyalarni tashkil etish, mavjud korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini kuchaytirish va mahsulot turini kengaytirish, sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda kosmetika vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar tobora ko‘payib bormoqda. Xorijning eng mashhur savdo markalari ostida ishlab chiqarilayotgan parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari ham bugun do‘konlarimiz peshtaxtalarini to‘ldirib turibdi. Mamlakatimizga chetdan kirib kelayotgan har bir mahsulot, jumladan, parfyumeriya, kosmetika va gigiyena vositalari jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilgan holda sertifikatlash asosida sotuvga chiqarilishi bu boradagi xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘layotir.
An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Beauty Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekiston go‘zallik sanoati salohiyati va yutuqlarini keng namoyish etish, tarmoqni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xorij investitsiyasini jalb etish orqali istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qulay zamin yaratmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda davolash kosmetikasining tabiiy usullariga aholining e’tiborini kuchaytirish, tabiiy mahsulotlar asosida yaratilgan pardoz mahsulotlarini ko‘paytirish, soha mutaxassislarining o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini bermoqda.
Bu galgi forumda O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Hindiston, Indoneziya, Fransiya, Italiya, Gretsiya, Vengriya, Rossiya, Isroil va boshqa davlatlardan qirqdan ortiq kompaniyalar o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etayotir. Jahon go‘zallik sanoati mutaxassislari o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘layotgan ushbu ko‘rgazma sohaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari va iste’molchilarini bir maydonga to‘plab, ularning ushbu sanoat haqidagi tasavvurlarini yanada kengaytirishga, sohada o‘zaro axborot va tajriba almashishga xizmat qilmoqda.
– “Veauty Uzbekistan” ko‘rgazmasida muntazam ishtirok etish asnosida mamlakatingizda go‘zallik sanoati izchil rivojlanayotganiga amin bo‘ldim, – deydi “Inha Gtep” kompaniyasi menejeri Je Vu Yang (Koreya Respublikasi). – Ko‘rgazmada pardoz mahsulotlari va turli xildagi kremlarni namoyish etyapmiz. O‘zbekiston bozori bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda, chunki bu yerda chet ellik tadbirkorlarning muvaffaqiyatli faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratilgan.
O‘zbekistonning parfyumeriya, kosmetika va gigiyena mahsulotlari yuksak sifati va raqobatbardoshligi, xalqaro andozalarga to‘la mosligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Xalqaro ko‘rgazmada faol ishtirok etayotgan mamlakatimiz korxonalari bu boradagi ulkan salohiyatini namoyish etgan holda turfa xildagi ekspozitsiyalarni – yuz terisi parvarishi bo‘yicha vositalar, pardoz va parfyumeriya mahsulotlari, soch bo‘yoqlari, shampun va balzamlar, sovunlar, kremlar, aksessuar va taqinchoqlar, gigiyenik vositalar, sohada qo‘llaniladigan asbob-uskunalar, maxsus kiyimlar hamda o‘z xizmatlarini taklif etmoqda. Ko‘rgazmada qatnashayotgan istiqbolli korxonalar safida mamlakatimizning “AB Form Sistem”, “Bitobi Pro”, “Breeze”, “Ece Cosmetic”, “Fabienne Inter Group”, “Jasmin Fito Pharma”, “Le Asante Cosmetics”, “Luxury Aroma”, “Mountain Herbs”, “Zamona Rano” kabi firma va kompaniyalari bor. Ular tomonidan namoyish etilayotgan mahsulotlar barchaning e’tiborini tortmoqda.
– 2011-yilda tashkil etilgan korxonamiz asaldan, o‘rik, bodom kabi mevalar, kunjut, zaytun moylari, turli kosmetik loy va dorivor giyohlardan atir sovunlar, kosmetik moylar ishlab chiqaradi, – deydi “Le Asante Cosmetics” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nodira Begmatova. – Korxonamizda mahsulot tayyorlashda asosiy e’tibor uning tabiiyligiga qaratilmoqda. Terini quruqlashtiruvchi va allergiya qo‘zg‘atuvchi moddalardan xoli bunday vositalarga efir yog‘lari yordamida ishlov berilishi ularning shifobaxshligini oshirayotir. Ular mamlakatimiz olimlari yaratgan texnologiyalar, belgilangan me’yor va qoidalar asosida tayyorlangani bois ancha xaridorgir. Ayni paytda oltmishdan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqaryapmiz va ularning turini yanada kengaytirish ustida ish olib bormoqdamiz.
Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan Gretsiya, Italiya, Fransiya kompaniyalari soch hamda yuz parvarishi uchun vositalar, bo‘yoqlar, kremlar, Janubiy Koreya, Polsha, Isroil ishlab chiqaruvchilari turli kosmetika mahsulotlarini taqdim etmoqda.
– Har yili o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro ko‘rgazma go‘zallik sanoati mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan xaridorlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga, sohada o‘zaro fikr va tajriba almashishga xizmat qilmoqda, – deydi “Farcom” kompaniyasi menejeri Luiza Sharapova (Gretsiya). – Mazkur an’anaviy ko‘rgazmada krem-bo‘yoqlar, shampun va balzamlar kabi soch parvarishi uchun mo‘ljallangan xilma-xil mahsulotlarni namoyish qilyapmiz. Ko‘rgazmada yangi hamkorlar topib, istiqbolli shartnomalar tuzish niyatidamiz.
Ushbu xalqaro ko‘rgazma mamlakatimiz va jahon go‘zallik sanoatida qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarni namoyish etishi bilan ahamiyatlidir. Bu go‘zallik sanoatini yanada ravnaq toptirish va sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish barobarida sohaga oid talab va takliflarni o‘rganish, mamlakatimizga xorij sarmoyasini jalb etish, chet ellik sheriklar bilan hamkorlikda istiqbolli qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.