Giyohvandlikning oldini olish – dolzarb vazifa
“26-iyun - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni” munosabati bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat sudi sudyasi Sh.Razzaqov, tuman sudi raisi I.Usmonov, mahalla faollari, adliya va xotin-qizlar bo‘limi vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Muloqot davomida aholi salomatligini muhofaza qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash va giyohvandlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Qonun bilan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga oid javobgarlik choralari kuchaytirilib, narkolaboratoriyalar tashkil etish, internet orqali giyohvand moddalar tarqatish va voyaga yetmaganlarni bunday harakatlarga jalb qilish uchun qat’iy jazolar belgilangani ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari qonunning amaliyotda qo‘llanilishi va profilaktika ishlarini kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat)
O‘zA muxbirlari