Giyohvandlik: kelajakni asrash yo‘lidagi muhim vazifa
Giyohvandlik insoniyat taraqqiyotiga jiddiy xavf soluvchi, oilalar tinchligi va jamiyat barqarorligiga raxna soluvchi, shu bilan birga inson taqdiri, balki butun avlod kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasi sanaladi.
Buxoro viloyatida ushbu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik samarasida bir qator jinoiy holatlarga chek qo‘yilmoqda. Xususan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, viloyat Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlarining o‘zaro hamjihatligi natijasida giyohvandlik vositalarini saqlash, yetishtirish va tarqatish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar fosh etildi.

Jumladan, Buxoro shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida kuzatuv ostiga olingan shaxsning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida xonadonning yordamchi xo‘jalik qismida “gidroponika” usulda parvarishlanayotgan 3 tup kannabis o‘simligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi. Shuningdek, manzildan 5,5 gramm marixuana, 80 dona “Izoniazid” dori vositasi hamda giyohvand moddalarni iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan maxsus anjomlar topildi.
Yana bir holatda G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda shubhali fuqaroning xonadoni tekshirildi. Natijada qo‘shimcha xo‘jalik xonasidan 30,9 gramm marixuana aniqlanib, belgilangan tartibda musodara qilindi.

Kogon shahri hududida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda esa giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxs 2 million 400 ming so‘m evaziga 5,5 gramm “gashish” moddasini sotish vaqtida qo‘lga olindi. Davom ettirilgan tezkor harakatlar natijasida ushbu shaxs va uning sheriklaridan jami 141 gramm “gashish”, shuningdek, sintetik turdagi giyohvandlik vositalari aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirildi.

Shuningdek, viloyat hududida o‘tkazilgan yana bir tadbirda kuzatuv ostidagi shaxs boshqaruvidagi transport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada avtomobil salonidan 7,65 gramm “opiy” moddasi topildi. Tadbir davomida tezkor kombinatsiya asosida G‘ijduvon tumanida ushbu moddani qabul qilib olayotgan fuqaro ham ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, har bir holat atroflicha va xolisona tergov qilinmoqda. Aybdor shaxslarning javobgarligini ta’minlash, qonun ustuvorligini qaror toptirish maqsadida zarur protsessual harakatlar izchil davom etmoqda.

Albatta, giyohvandlikka qarshi kurashishda tezkor tadbirlar bilan bir qatorda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.