“Gimnastrada”da bojxonachi qizlar g‘olib
Toshkent moliya institutida turli vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Gimnastrada” sport musobaqasi, tom ma’noda sport bayramiga aylanib ketdi.
“Sport nafislik va salomatlik manbai” shiori ostida o‘tgan festival musobaqadan ko‘ra ko‘proq idora va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xotin-qizlarning bayram shousi tarzda tashkil etilganligi yig‘ilganlarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.

- Tashkilotlarda aqliy mehnat bilan shug‘ullanayotgan opa-singillarimizning salomatligini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan gimnastika mashqlari va ko‘rgazmali chiqishlar davlatimiz rahbarining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashda, ayollarimizni jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga yanada keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi, - deydi Turizm va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Zarina Abdullayeva.

Zavqu-shavqqa to‘la musobaqalar davomida ishtirokchilar orasida chapdastligi va g‘alabaga bo‘lgan irodasini namoyish etgan Bojxona qo‘mitasi xotin-qizlari “Gimnastrada” bellashuvlarining mutloq g‘olibi, deb topildi. 2-o‘rin Adliya vazirligi jamoasiga va 3-o‘rin Markaziy bank qizlariga nasib etdi.
Shuningdek, festival davomida 10 ta tashkilot jamoasi turli nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etildi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA