Gimnastikachi qizlar bahsi
Samarqandda badiiy gimnastika bo‘yicha “Kamolot” g‘unchalari” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda badiiy gimnastika bo‘yicha “Kamolot” g‘unchalari” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, viloyat xalq ta’limi, madaniyat va sport ishlari boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda musobaqaning quyi bosqichlarida g‘olib bo‘lgan qizlar besh yosh toifasi bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
– Barcha tuman va shaharlarda badiiy gimnastika to‘garaklari tashkil etilgan, – deydi viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Ro‘ziyev. – Ularda olti mingdan ziyod qiz badiiy gimnastika bilan shug‘ullanmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu nafis sport turini rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilayotgan sa’y-harakatlar samarasida 180 dan ortiq murabbiy tayyorlanib, yoshlarga saboq bermoqda. Viloyat sportchilari mamlakat va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotir.
Barcha yosh toifalari bo‘yicha Samarqand shahri vakillari – Sulton Rasulova, Aziza Davronova, Baxshanda To‘xtamurodova, Nigina Ochilova hamda Asal Ahmedova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.