Giloslar xorijga eksport qilinadi
Fargʻona viloyatida oʻtgan yilda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash sohasida 18 ta loyiha amalga oshirilib, meva-sabzavotlar eksporti ham salmoqli boʻldi.
Fargʻona viloyatida oʻtgan yilda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash sohasida 18 ta loyiha amalga oshirilib, meva-sabzavotlar eksporti ham salmoqli boʻldi.
Yurtimizda yetishtiriladigan mevalarning taʼrifiga ortiqcha hojat boʻlmasa kerak. Xususan, Fargʻona viloyatida bu borada katta tajriba bor. Bugungi kunda mirishkor dehqonlar tomonidan olmaning 14, oʻrikning 17, shaftolining 9, gilos va nokning 7, anorning 12 xili boshqa mahsulotlarning koʻplab turlari yetishtirilmoqda. Viloyatda 2 million 560 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilib, isteʼmolga yetkazib berilmoqda.
Fargʻona bogʻlarida yetishtirilgan sara giloslar jahon bozorida xaridorgir. Oʻziga xos taʼm va koʻrinishga ega mevalarimizga boʻlgan talab bu yil yana-da yuqori boʻlishi kutilmoqda.
Fargʻona shahrining Qirguli mavzesida ish boshlagan “Real trans logistika” unitar korxonasi bu borada yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Asosan meva-sabzavot va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlab, quritib, qadoqlaydigan korxona yil davomida 300 ming tonna sara mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Amerika, Turkiya, Belgiya singari rivojlangan mamlakatlardan keltirilgan zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari sabzavot mahsulotlarini besh yoʻnalishda quritadi, kerakli oʻlchamlarda kesib qadoqlaydi. Bu yerda bir vaqtning oʻzida 160 nafar yoshlar bandligi taʼminlandi.
– Mahsulotlarimizning asosiy qismi eksport qilinadi, – deydi unitar korxonasi rahbari Zohidjon Ikromov. – Xususan, gilos saralash va qadoqlash sexiga Italiyaning “Yunikes” lazerli uskunalari oʻrnatildi. Mazkur jihozlar har soatda besh tonna mahsulotni xalqaro talab va normalar asosida saralab, maxsus qutilarga joylab beradi. Shuningdek, sex qoshida 3 ming tonna sigʻimga ega boʻlgan muzlatgich ishga tushirildi. Bu yil mahsulotlarimizni Dubayga eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Tayyor mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirish uchun bojxona, karantin xizmatlari shu yerning oʻzida amalga oshiriladi.