Gilos — qishloq xo‘jaligining eksport brendiga aylanishi mumkin
Bugun o‘zbek gilosi nafaqat dasturxonlardan joy olmoqda, balki xorijiy bozorlarda ham o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 11 ta xorijiy davlatga 23,3 ming tonna gilos eksport qilgan. Eksport qiymati esa 57,9 million AQSH dollarini tashkil etgan. Bu raqamlarning yana bir muhim jihati bor. BMTning “Comtrade” xalqaro savdo ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, o‘tgan 2024-yilda O‘zbekiston 32,2 ming tonna yangi uzilgan gilos eksport qilib, 70,4 million dollar daromad olgan. Hajm bo‘yicha mamlakatimiz dunyoda 6-o‘rinni egallagan.
O‘zbekistonning so‘nggi o‘n yillikdagi gilos eksportiga nazar tashlansa, natijalar bir maromda emas, balki yilma-yil sezilarli o‘zgarib turganligiga guvoh bo‘lish mumkin.
2016-yilda 29,2 ming tonna gilos eksport qilingan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 30,6 ming tonnaga, 2018-yilda esa 33,8 ming tonnaga yetgan. Biroq 2019-yilda eksport keskin kamayib, 16,8 ming tonnani tashkil etgan. Keyingi yillarda esa o‘sish va pasayishlar kuzatilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich 2021-yilda — 60,8 ming tonna qayd etilgan. Bu 2016-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb ikki barobar ko‘p.

Shundan keyin eksport hajmi yana pasaygan: 2022-yilda — 25,4 ming tonna, 2023-yilda — 45 ming tonna, 2024-yilda — 32,2 ming tonna va 2025-yilda — 31,7 ming tonna.
Demak, O‘zbekiston gilos eksportida katta salohiyatga ega bo‘lsada, hajm yillar kesimida ancha o‘zgaruvchan.
2024-yilda gilos eksporti bo‘yicha Chili mutlaq lider — 529,5 ming tonna. Undan keyin Gongkong — 168,4 ming tonna, AQSH — 84,2 ming tonna, Turkiya — 66,5 ming tonna va Ispaniya — 34,1 ming tonna bilan joylashgan. O‘zbekistonning 32,2 ming tonnalik ko‘rsatkichi esa Ispaniyadan keyingi o‘rinni egallagan. Bu yerda alohida e’tiborli jihat — O‘zbekistonning gilos eksporti hajmi Gretsiya, Ozarbayjon, Avstriya va Moldova kabi mamlakatlardan yuqori ekanidir.
Eksport hajmi yuqori bo‘lishi, albatta, yaxshi natija. Ammo eksportda faqat tonna emas, bir tonna mahsulotdan qancha daromad olinayotgani ham muhim.
2024-yilda O‘zbekiston 32,2 ming tonna gilosni 70,4 million dollarga eksport qilgan. Bu hisobda bir tonna gilosning o‘rtacha eksport qiymati taxminan 2,2 ming dollar atrofida bo‘ladi. Shuning uchun kelgusida asosiy vazifa faqat gilos yetishtirish va uni ko‘proq eksport qilish emas. Sifat, saralash, qadoqlash, sovitish, saqlash va yuqori daromadli bozorlarga chiqish eksport qiymatini yanada oshirishi mumkin.
Ayniqsa, yangi uzilgan gilos tez buziladigan mahsulot bo‘lgani uchun uni yetishtirishdan ko‘ra tashqi bozorga sifatini yo‘qotmagan holda yetkazib berish ham katta ahamiyatga ega.
2026-yilning dastlabki olti oyida 23,3 ming tonna gilos eksport qilingani ham e’tiborga molik. Bu 2024-yildagi yillik eksport hajmining qariyb 72 foiziga teng. Ya’ni eksport mavsumi hali to‘liq yakunlanmagan bir paytdayoq salmoqli hajm qayd etilgan.
Eksport geografiyasining 11 ta davlatni qamrab olgani ham O‘zbekiston gilosiga tashqi bozorda talab borligini ko‘rsatadi. Endi asosiy masala — bu talabni barqaror bozorga aylantirish.
O‘zbekistonning iqlim sharoiti, meva-sabzavot yetishtirish an’analari va mavjud agrar salohiyati gilos eksportini yanada rivojlantirish uchun imkoniyat beradi.
Biroq dunyo bozorida raqobat kuchli. Chilining 500 ming tonnadan ortiq eksport hajmi O‘zbekiston natijasidan bir necha barobar yuqori ekanini ko‘rish mumkin.
Shu bois kelgusi bosqichda maqsadni faqat “ko‘proq tonna” emas, balki “ko‘proq qo‘shilgan qiymat” tamoyili asosida belgilash muhim. Sifat standartlarini oshirish, eksportbop navlarni ko‘paytirish, zamonaviy sovitish va saqlash tizimlarini rivojlantirish, mahsulotni brendlash va yangi bozorlarga chiqish — O‘zbekistonni gilos eksportida yuqoriroq o‘rinlarga olib chiqishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA